23:33 / 30.12.2016
10706

2016 yilda topganlarim va 2017 yildan kutayotganlarim

O‘ylab ko‘rsam, men o‘z baxtiga erishgan insonlardan ekanman. Chunki dunyoda inson uchun oilasining sog‘ va salomat bo‘lishi, o‘zi yaxshi ko‘rgan kasbda faoliyat yuritishdan ortiqroq ne’mat yo‘q. 

O‘tib borayotgan yilda juda ko‘plab quvonchli lahzalar haqida fotomaqolalar yozib, mushtariylar bilan o‘rtoqlashdim. Turli davriy bosma va internet nashrlarida 200dan ziyod materialim bosilibdi. Rio olimpiadasida Xasanboy Do‘stmatovning chempion bo‘lishini oldindan sezib, final o‘yinini uning xonadonidan “Kun.uz” va “Fut.uz” saytlari orqali onlayn tarzda olib borganim va bu maqolamni 85 mingdan ziyod inson kuzatgani yodimda uzoq vaqt saqlansa kerak. 

365 kun davomida yurtim insonlari orasida bilan hamdardu-hamnafas bo‘lganimning o‘zi jamiyat uchun kerakli insonligimni anglatadi. Odamlar orasida bo‘lish esa ijodim uchun zo‘r quvvat manbaidir. Yosh bo‘lsamda qizimni uzatib, qaynota bo‘ldim. Onam, opalarim, aka-uka va do‘stlar yonimda turib, baxtli onlarimda hamroh bo‘ldilar. 

Fotouskuna meni doimiy hamrohim. Suratchi-jurnalist doim go‘zallik axtaradi. Farovon Vatanimning esa har kunida go‘zal onlarni izlab ovora bo‘lmaysiz. Insonlarni kulgisi chiroyli... Tinch va obod yurtda sizga tabassum ila boquvchi nigohlar juda ko‘p. Andijonga Qamchiq dovoni orqali kelgan ilk poyezd haqida maqola yozganim va uni ko‘pchilikka ulasha olganim ham men uchun yilning samarali o‘tganidan nishonadir. 

Qisqasi, yeldek zuvillab o‘tgan yil davomida kindik qonim to‘kilgan O‘zbekistonda tinch va osoyishta yashadim. Allomalardan biri: “Vatanni tashlab ketguvchi bo‘lmang!”, degan edi. Aslida ham Vatanda yashab yurtga xizmat qilishdan ortiqroq baxt yo‘q.

Yangi yildan ne kutayotganim haqida o‘ylab ham ko‘rmabman. Qo‘qqisdan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan yaxshi yangiliklarni kutganim ma’qul. Lotoreyadan yutuq istash menga begona. Yaqinlarimning baxtli yashashlarini ko‘rishni xohlayman. Farzandlarimni: “Dada kitob olib kelib bering!”, degan so‘zlari kerak menga. Ularni odamlarga naf keltiruvchi, samimiy inson bo‘lib voyaga yetishlari eng katta orzuim. 

“Vodiy gavhari” jurnali men haqimda bir sahifa maqola beribdi. Demak mening ijodimga insonlar befarq emas.

Nasib qilsa, odamlar yuragini yashnatadigan fotosuratlar, maqolalar bitish istagimdir. Samimiyat hamroh bo‘lgan kishilardan ko‘proq do‘st topsam deyman. 

Elmurod Ermatov

Top