18:30 / 30.12.2016
5488

Poroshenko yangi korxonalarni moliyaviy tekshiruvlardan ozod qildi

Foto: President.gov.ua

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko mamlakatning Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritishga doir qonunni imzoladi. Bu o‘zgarishlar biznesni yuritishda yengillik paydo qilish hamda davlatdagi investitsion iqlimni yaxshilashga qaratilgan. Bu haqida Ukraina prezidenti ma'muriyatining matbuot xizmatida xabar berildi. 

Poroshenkoning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonunning qabul qilinishi munosabati bilan tuman darajasidagi soliq inspeksiyalari nazorat va tekshiruv organlaridan maslahat organlariga aylantiriladi. Bu uning fikricha, korxonalar va soliq inspeksiyalariga nisbatan korruptsion sxemalarni bartaraf qiladi. Bundan buyon soliq inspeksiyasining nazorat funksiyalari faqat mintaqaviy darajada qoladi. 

"Ukraina Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq yangi tashkil etilgan, 3 million grivendan (111,1 ming dollar) kam aylanmaga ega korxonalar uch yil muddatga har qanday tekshiruvlardan ozod qilinadi. 

Davlat rahbari mazkur qonun asosida amalga oshiriladigan ishlar mamlakatdagi investitsion iqlimni sezilarli darajada yaxshilashiga umid qilmoqda. 

Yuqori radaning soliq va boj siyosati masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Nina Yujaninaning bildirishicha, biznesning soyadan chiqishi uchun maxsus mexanizmlar yaratilmoqda. 

Top