22:33 / 31.12.2016
13016

Google'ning sobiq xodimidan baxtli bo‘lishni o‘rgatuvchi uch soniyali mashq

Ched-Meng Tan o‘z salohiyatlarini rivojlantirishga qiziquvchi ko‘p kishilarga tanish. Bu inson xotirjamlik, xursandchilik va baxt holatiga erishishda yordam beruvchi oddiy va muhim asoslarni o‘rgatadi. "Layfxaker" nashri ushbu inson tomonidan ishlab chiqilgan universal baxt qoidasini nashr qildi. 

Ched-Meng Tan — sobiq Google xodimi, endilikda salohiyatlarni rivojlantirishga o‘rgatuvchi taniqli shaxs. U har kuni ko‘plab yirik IT-korporatsiyalar xodimlariga shaxs sifatida o‘sish, meditatsiya, empatiya va hissiy intellektni rivojlantirishni o‘rgatadi. 

Chedning so‘zlariga ko‘ra, u avval o‘zini baxtsiz his qilgan, biroq u buni o‘zgartirishga hamda yashab o‘tgan har bir kunidan xursandchilik topishni o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan. Ched 25 yoshida hammasi u o‘ylaganidek yomon emasligini anglab yetgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, fikrlashni nafaqat psixoterapiya seanslari orqali, balki maxsus mashqlar yordamida ham o‘zgartirish mumkin ekan. Chedning aytishicha, bu kichik bo‘lsa-da, baxt hissini tuyishga ko‘mak beradi.

Masalan, siz chanqadingiz, shu bois sovuq suv ichasiz. Bu juda yoqimli hissiyot, siz xursandchilik va mamnunlikni his qilasiz. 

Mana shunday kichik baxt hissi odatda sezilmaydi: bir bo‘lak sevimli shokoladni iste'mol qilish, issiq ko‘chadan salqin xonaga kirish, uzoq kutilgan xabarni olish... Bu juda yoqimli, axir!

Mamnunlik va xursandchilik hissi 2-3 soniya davom etadi, lekin u kayfiyatni ko‘tarishga yordam beradi. Agar siz bu hisni sezishni o‘rgansangiz, buning samarasi kuchayadi. 

Ched shunday deydi: "Baxtning kichik lahzalarini doimo his qilish mumkin. Ularni seza boshlasangiz, mo‘'jizalar ro‘y beradi, siz yanada ko‘proq ana shunday onlarni boshdan kechirasiz - doim, hamma yerda. Endi siz xursandchilik va baxtni har kuni his qilasiz".

Bu maslahat asosida yotuvchi g‘oya oddiy. Bu yerda biz odatlarimizni shakllantiradigan mexanizm ishlaydi. Biz bajarayotgan harakatlar qanchalik odat tusiga kirsa, uni hayotga tatbiq etish shunchalik oson bo‘ladi, miyani shuncha kam ishlatish kerak bo‘ladi. 

"Baxt lahzalari" mashqi turtki, muntazamlik va mukofotdan iborat. Bu uch asos odatni shakllantirish uchun zarur. 

"Turtki"da yoqimli onlar boshdan kechiriladi.

"Muntazamlik"da siz bu lahzalarni seza boshlaysiz.

"Mukofot"da xursandchilik va baxt hissi qamrab oladi. 

Mashq meditatsiya bilan shug‘ullanuvchi kishilar uchun ham foydali. U tajribadan avval to‘g‘ri holatga kirishga yordam beradi. Chedning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mashq bajarilishining o‘zi meditatsiya hisoblanadi. Biz dastlab atrofimizdagi mayda detallarni seza boshlaymiz, keyin esa - haqiqatda ko‘rishga muvaffaq bo‘lamiz. 

Chedning g‘oyasini tasdiqlovchi ilmiy dalillar ham bor. Loyol universiteti psixologlari tomonidan o‘tkazilgan kichik tajriba yoqimli lahzalarni anglovchi 55 yoshdan katta kishilarning aksariyati moliyaviy ahvoli yoki salomatlikdagi muammolarga qaramasdan, hayotdan mamnunlik hissini namoyon etishganini ko‘rsatgan. Xursandchilik hissini seza olmagan kishilar esa o‘zlarini yomon his qilishgan, biror bir kasallik esa ularning kayfiyatini yanada tushirib yuborgan.

 

Xulosa

1. Kichik xursandchilik lahzalarini sezishni va qadrlashni o‘rganing.

2. Ularning sizga quvonch va baxt olib kelayotganini his qiling.

3. Xursandchilik hissi kundalik odatga aylanmaguncha bu mashqni takrorlang.

Top