20:17 / 01.01.2017
8025

Xaridor Tesla kompaniyasini Model X modelidagi kamchilik uchun sudga berdi

Kaliforniyada istiqomat qiluvchi Ji Chan Son Tesla Motors Inc kompaniyasini Model X rusumli yo‘ltanlamasning o‘z-o‘zidan tezlanish olishi tufayli sudga berdi. Bu xususiyati tufayli avtomobil sohibi garajining ichki devoriga borib urilgan. Reuters xabariga ko‘ra, bu hodisa vaqtida haydovchi va uning yonidagi yo‘lovchi jarohatlangan.

Da'vogarning bildirishicha, u avtomobilini garajga kiritayotganida avtomobil birdan tezlik olgan va devorga borib urilgan.

U Tesla kompaniyasini xavfsizlik sharoitlariga beparvolikda ayblagan. Da'vogar qancha miqdorda tovon puli undirish niyatida ekani ma'lum emas.

Janob Sondan boshqa jabrlanuvchilar ham kompaniyani shu sabab tufayli sudga berishi mumkin. AQSh Harakat xavfsizligi milliy boshqarmasi (NHTSA) yana 7ta shikoyatni qayd etgan.

Tesla Motors vakillari esa Son bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganishgani, bu vaziyatda u gaz pedalini bosgani aniqlanganini aytishgan. Reuters muxbiri bunga izoh so‘rab, NHTSA ofisiga qo‘ng‘iroq qilganida, kerakli ma'lumotni ololmagan.

Model X avtomobili 2015 yil oxirida sotuvga chiqqandi. Kompaniyadagilar bu mahsulotni dunyo tarixidagi eng xavfsiz yo‘ltanlamas deb atagan.

Mavzuga oid
Top