16:00 / 01.01.2017
23325

Qozog‘iston bir guruh davlatlarga vizasiz tartib joriy etdi

Foto: © RIA Novosti

Qozog‘iston Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarga, shuningdek, BAA, Malayziya, Monako va Singapurga 2017 yilning 1 yanvaridan vizasiz rejim joriy qildi.

2015 yilning mayida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev "Astana" xalqaro moliyaviy markazi (AIFC) tashkil etish haqidagi farmonini imzolagandi. Unga ko‘ra, IHT a'zolari hamda boshqa bir necha mamlakat fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz tartib joriy etilishi belgilangandi.

Qozog‘iston TIV tegishli mamlakatlar fuqarolari uchun 2017 yilning 1 yanvaridan vizasiz tartib amalda bo‘lishini xabar qilgandi.

Qozog‘iston poytaxtida Astana EXPO 2017 infratuzilmasi joylashadi. Bu markaz MDH mamlakatlari, G‘arbiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun moliyaviy hab bo‘lishi nazarda tutilgan.

Ayni vaqtda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Chexiya, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Vengriya, Islandiya, Irlandiya, Italiya, Isroil, Koreya, Lyuksemburg, Meksika, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Turkiya, AQSh, Chili, Estoniya va Yaponiya davlatlari a'zo sanaladi.

Top