12:14 / 02.01.2017
7699

Xitoy Tramp sabab Tayvanga qarshi «qattiq choralar» ko‘rmoqchi

Tayvanning Donald Tramp tomonidan ehtimoliy qo‘llab-quvvatlanishi Xitoy harbiylarida jiddiy tashvishga sabab bo‘ldi, ular orolga nisbatan «qattiq choralar»ni qo‘llash imkonini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Reuters.

Gap Tayvan yaqinidagi mashqlar va iqtisodiy choralar haqida ketmoqda. 

Reuters’ning ta'kidlashicha, qandaydir qarorlar qabul qilingani borasida aniq ma'lumotlar yo‘q. Biroq agentlik manbalarining aytishicha, Tayvan masalasi Xitoy xalq-ozodlik armiyasining yuqori lavozimli amaldorlari tomonidan ko‘p muhokama qilinmoqda.

«Tramp «yagona Xitoy» siyosatini prezident bo‘lganidan so‘ng rad etsa, u qizil chiziqni kesib o‘tgan bo‘ladi», - deya aytib o‘tgan agentlikning Xitoy rahbariyatiga yaqin bo‘lgan manbasi.

Mamlakat mudofaa vazirligi bu ma'lumotga izoh berishdan bosh tortgan. Tayvan mudofaa vazirligi vakili Chen Chun Shi esa «Biz barcha voqealar rivojiga tayyormiz», - degan.

Ma'lumot uchun, Tramp dekabr boshida Tayvan yetakchisi Tsay Inven bilan telefon orqali suhbatlashgandi. Associated Press agentligi bu holatni «o‘ta noodatiy» deb baholadi, sababi Vashington 1979 yildan beri «yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlab keladi. Unga ko‘ra, AQSh Pekinni Xitoy vakili sifatida tan olib, Tayvan bilan norasmiy aloqalarga kirishmaydi. Xitoy telefondagi muloqotdan so‘ng diplomatik e'tiroz bildirdi.

Amerikaning saylangan prezidenti esa bunga javoban Pekinni tanqid qilib, AQSh «yagona Xitoy» siyosatini qo‘llab-quvvatlashga majbur emasligini ma'lum qildi. 

Top