11:47 / 02.01.2017
10426

O‘tgan yilda boshlanib, yangi yilda tugagan tur: Jiruning chayon zarbasidan Fergyuson uchun sovg‘agacha

«Tribuna» 2016 yilda boshlanib, 2017 yilning birinchi kunida yakunlangan APLning 19-turini hisob qiladi.

Jirudan «Qisqichbaqa zarbasi»

Angliya chempionatida bayram kunlari odatdagidek noodatiy hodisalar guvohi bo‘ldik. Bu yilgi Boxing Day «qisqichbaqa zarbalari» bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Avvaliga, 2016 yilning oxirgi kunida «Manchester Yunayted» «Midlsbro» darvozasiga Genrix Mxitaryan shu uslub bilan gol urdi va jamoasini g‘alaba sari yetakladi (garchi ofsayddan urilgan va hisoblangan bo‘lsada, chiroyli gol).

Yangi yilning birinchi kunida «Arsenal» hujumchisi Olive Jiru «Kristal Pelas» darvozasini hayratomuz gol bilan ishg‘ol qildi. Bu uchrashuv londonliklarning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.

Fransiyalik futbolchi avvalgi turda «Vest Bromvich» darvozasiga g‘alaba to‘pini yo‘llagandi. Yangi yil kunlarida Olive katta sahnaga chiqadiyu. Darvoqe, «qorayoloqlar»ga qarshi va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinlar mavsumda Jiru «kanonirlar»ning boshlang‘ich tarkibida boshlagan 2 o‘yin bo‘ldi. Boshlang‘ich tarkibga kirmayotgan bo‘lsada, ushbu hujumchi  «Arsenal»dan hech qayoqqa ketmasligini ma'lum qilgan.

Pressingga qarshi pressing

31 dekabr kuni «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasida kechgan tur uchrashuviga shunday baho bersa bo‘ladi. «Taqdir hazili» o‘rniga ko‘p muxlislar Yurgen Klopp va Pep Gvardiol qarshiligini kuzatgani tayin.

Ammo o‘yin Yangi yil bezagi bo‘ldi deb atash qiyin. Kutilgan shiddat kuzatilmadi. 90 daqiqa davomida darvozalarga atigi 3 marta aniq zarba yo‘lllandi – muxlislarni ranjitadigan ko‘rsatkich. «Liverpul» o‘yinning 8-daqiqasida Jorjino Vaynaldum urgan bir gol evaziga g‘alaba qozondi va turnir jadvalidagi ikkinchi o‘ringa mustahkamlandi. «Shaharliklar» jamoasi esa bu mag‘lubiyat tufayli birinchi davrani kuchli to‘rtlikdan tashqarida yakunladi.

Shu bilan birga, futbolni tushunadigan kishilar bu o‘yindagi futbolchilarning harakatlaridan qoniqish hosil qilishlari mumkin. Ikki jamoa ham bir zum to‘xtamasdan futbol o‘ynadi, to‘pni yo‘qotgan jamoa darhol pressing uyushtirishi guvohi bo‘ldik. Shaxmatni eslatgan bu o‘yin yakunida Klopp kuchliroq bo‘lib chiqdi. «Liverpul» Serxio Agueroga umuman imkon bermadi – «Siti»ning asosiy hujumchisi raqib jarima maydoni ichida biron marta ham to‘pga tegmadi.

Tan olish kerakki, germaniyalik mutaxassis kuchli raqiblarga qarshi qanday tayyorlanishni biladi. Klopp 2015 yilning oktabrida «qizillar» jamoasi boshqaruviga kelganidan buyon jamoa «MYu», «Siti», «Arsenal», «Chelsi» va «Tottenhem» kabi grandlarga qarshi 13ta o‘yin o‘tkazdi va ularning faqat bittasida yutqazdi: O‘tgan mavsumda «Yunayted»ga qarshi o‘yin 0:1 hisobida yakunlangandi.

13 – Baxtli raqam

«Chelsi» bu turda «Stok Siti»ni 4:2 hisobida yengdi va mavsumda qatorasiga 13-g‘alabasini qayd etdi. Bu orqali jamoa 2001/02 yilgi mavsumda «Arsenal» tomonidan qayd etilgan rekordni takrorladi. «Kanonirlar»ning g‘alabali seriyasi 14 uchrashuvda iborat, ammo bu seriya 2002/03 yilgi mavsum startidagi g‘alaba qo‘shib hisoblanganda bo‘lgan.

«Biz g‘alabalar soni haqida o‘ylamasligimiz kerak. Asosiy maqsadimiz – chempionlik. Agar sovrin yuta olmasak, bu rekordlar bir pul», dedi «Chelsi» bosh murabbiyi Antonio Konte. U bu o‘yindan keyin Londondagi sport jurnalistlarini shahardagi pablardan biriga taklif qilgandi.

«Stok Siti»ga qarshi o‘yinda Konte diskvalifikatsiyani o‘tab bo‘lgan Ngolo Kanteni tushirishi mumkin bo‘lgan bo‘lsada, Sesk Fabregasni boshlang‘ich tarkibga qo‘ydi va bu ispaniyalik futbolchi o‘yindagi eng yaxshilardan biri bo‘lib, 2ta golga uzatma berdi.

Endi ushbu xavbek premer-liga o‘yinlarida 100ta golli uzatma bergan ilk xorijlik futbolchidir. Bu borada undan yaxshi natijani faqat shu futbolchilar qayd etgan: Rayan Giggz – 162, Frenk Lempard – 102 va Ueyn Runi - 101. Fabrages tez orada bu ro‘yxatda ikkinchi o‘ringa chiqib olishi ham mumkin. U bu natijasini 293 uchrashuvda qayd etdi.

Fergyusonga sovg‘a va Mourinodan saboq

«Manchester Yunayted» «Midlsbro»ni 31 dekabr kuni yenga olmadi. Chunki, bu kuni Aleks Fergyuson 75 yoshini nishonlayotgandi. Ser Aleks bu uchrashuvni boshqa faxriylar qatorida «Old Trafford» tribunasida turib kuzatayotgandi. 80-daqiqada kamera afsonaviy murabbiyga qaratildi, uning yuzi yashillashgan tusda edi – «qizil iblislar» raqib darvozasiga tinimsiz zarba berishsada (Antoni Marsiyalning golli zarbasi «MYu»ning uchrashuv davomidagi 31-zarbasi edi), 0:1 hisobida yutqazayotgandi. Ammo keyingi daqiqalar fantastik kechdi va barchasi yaxshi yakunlandi – 2:1. Bu vaqtda barcha «Fergi taym»ni esladi.

«Bugun uni xursand qilganimizdan juda xursandman. Biz uni shunday tabrikladik», - dedi o‘yindan keyin «Yunayted»ning hozirgi bosh murabbiyi Joze Mourino.

U shuningdek, jamoa hujumchisi, bu uchrashuv qahramoni Marsiyalga qarata murojaat qildi. U futbolchini agentiga emas, o‘ziga quloq solishga chaqirdi va uning «Sevilya»ga o‘tib ketishi mumkinligi haqidagi gaplardan g‘azabdaligini yashirib o‘tirmadi.

«U shu yerda superyulduzga aylanishi mumkin. Buning uchun barcha sharoitlar muhayyo. Ammo u meni eshitishi kerak, agentini emas. U Mxitaryandan o‘rnak olsin. U ko‘proq mehnat qilishi kerak. Men Mxitaryan bilan har kuni gaplashardim va endi samarasini ko‘rmoqdamiz. Uning agenti menga nima deydi: «Menga qara, Genrix sening yoningdagina yanada kuchli futbolchiga aylanadi, u bilan ishlashda davom et». Demak, Marsiyal ham meni tinglashi kerak va unga mashg‘ulotlar vaqtida nima deyayotganimni yaxshilab tushunishi kerak. Men nima qilsam, faqat uning foydasi uchun qilaman», - dedi Mourino.

Ko‘ramiz, Marsiyal murabbiyning maslahatlariga amal qilarmikan?

Cho‘kayotgan «oqqushlar»

Oltinchi mavsumdirki, «Suonsi» premer-ligada va jamoa yorqin o‘yinlar bilan muxlislar qalbidan joy olmoqda. Bu vaqt davomida «oqqushlar»ga Brendan Rodjyers, Mikael Laudrup va Geri Monk kabi o‘ziga xos murabbiylar boshchilik qildi va hech qachon ularning o‘yini hozirgidagi kabi zerikarli bo‘lmagandi.

Ammo hozirgi «Suonsi» APLga munosib emas. Jamoada mavsumda uchinchi murabbiy kelmoqda. «Vest XHem»dan uchralgan 1:4 hisobidagi mag‘lubiyatdan keyin Yangi yil arafasida Bob Bredli ishdan bo‘shatildi. U «oqqushlar»ni 85 kun yoki 11 uchrashuvda boshqardi. Undan oldingi murabbiy Gvidolini o‘z tug‘ilgan kunida iste'foga chiqarilgandi.

Endilikda jamoani Pol Klement boshqaradi. U «Bavariya»da Karlo Anchelotti shtabidan chiqib, tumanli albionga qaytmoqda.

APLda birinchi davra tugadi. «Manchester Siti» kuchli to‘rtlikdan tashqarida qoldi.

Top