18:32 / 03.01.2017
8743

Turkmaniston TIV: Eronga gaz yetkazib berish to‘xtatilgani haqidagi xabarlar asossiz

So‘nggi kunlarda Eron va boshqa davlatlar ommaviy axborot vositalarida turkman-eron munosabatlarining gaz sohasiga oid turli xabarlar paydo bo‘ldi. Ularning ba'zilarida Eronga 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab turkman gazini yetkazib berish to‘xtatilgani haqida so‘z yuritilgan. Boshqa xabarlarda esa “Eron bilan Turkmaniston bilan turkman gazini yetkazib berish bo‘yicha 5 yillik shartnoma imzolagani” haqida aytilgan. 

Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining Kun.uz saytiga xabar berishicha, bunday xabarlar hech qanday asosga ega emas.

Turkmaniston Eronga gazni xarid qilish va sotish shartnomasiga asosan doimiy ravishda yetkazib bermoqda. Bu jarayonda ikki tomonlama kelishuvning barcha talablari bajarilmoqda, deyiladi TIV bayonotida.

Shu bilan bir qatorda, Eron milliy gaz kompaniyasi 2013 yildan boshlab avval yetkazib berilgan turkman tabiiy gazi uchun qarzlarini to‘lash bo‘yicha yetarli choralarni ko‘rmayotgani ham aytilgan. 

Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining ta'kidlashicha, bu masalaga siyosiy urg‘u berish mamlakatga nisbatan nodo‘stona harakat deb qabul qilinadi va tezkorlik bilan rad etiladi.

Top