22:36 / 04.01.2017
6764

Xitoyliklar dron taksini namoyish qilishdi

Xitoyning Ehang kompaniyasi EHang 164 yo‘lovchi muqobil taksi sinov parvozini namoyish etdi. Videolavha Aviation Week nashrining Youtube sahifasiga joylashtirilgan. EHang 164 dron taksisining parvoz sinovi 2016 yilda o‘tkazilgan. Mazkur dron konsepsiyasi CES 2016 ko‘rgazmasida namoyish etilganidan bir yil o‘tgach, uning sinov parvozlariga doir videolavhalar paydo bo‘ldi. O‘tgan yilning o‘rtalarida kompaniya qurilmaning kichraytirilgan prototiplarini sinab ko‘rgan edi. EHang yangi sinovlari chog‘ida boshqaruvchanligi, epchilligi va tungi vaqtlarda parvoz qilish imkoniyati ko‘rib chiqilgan. 

EHang 164 kvadrokopterga o‘xshash shaklda ishlab chiqilgan bo‘lib, parraklarning har bir tutqichiga ikkitadan elektr motor o‘rnatilgan. Motorlar yordamida pastga va yuqoriga qaratilgan parraklar harakatga keltiriladi. Xabarlarga ko‘ra, ushbu taksi 100 kggacha bo‘lgan yo‘lovchini manziliga elta oladi. U soatiga 100 km tezlikkacha harakatlanib, 23 daqiqa havoda parvoz qilishi mumkin. 

Kompaniya 2017 yilda dron taksining kengaytirilgan sinovlarini o‘tkazishni rejalashtirgan. Bunda yuk ortilgan holda parvozlar amalga oshiriladi hamda 4G standartidagi aloqa tarmog‘i yordamida dronni boshqarish sinab ko‘riladi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi Ehang dron taksilarini boshqarish markazining sinovini ham boshlaydi. Markazdagi operatorlar bir necha o‘nlab qurilmalarni nazorat qilishlari mumkin bo‘ladi. 


 

Mavzuga oid
Top