09:52 / 06.01.2017
27724

Kishining rizqi uddaburonligi tufayli ortib ketmaydi

Tanishlarimizdan biri so‘zlab berdi. U kishi poyezdda ko‘p yurar ekan. Poyezd bir bekatga borganida, har galgidek asal sotib yuradigan bir yigit vagonga chiqibdi. U yigit vagonlarni aylanib, asal sotib kelgach, o‘sha tanishimizning oldiga kelib o‘tiribdi-da, salom-alikdan so‘ng, tamaddi qila boshlabdi. U yoq-bu yoqdan suhbat boshlanibdi. Gap aylanib, asal haqida so‘z ochilibdi. Ma'lum bo‘lishicha, asal sotuvchi yigit bir idishdagini toza asal deb, qolganlarini toza emas, deb sotib yurarkan. Tanishimiz mo‘minlik farosati bilan yigitning bir kamchiligini sezib qolibdi va yigitning o‘zidan so‘rab, bu masalaga aniqlik kiritib olibdi: yigitning toza asal deb sotayotgani asal ekan-u, toza emas deb sotayotgani qiyom ekan. Ularning suhbatini hech kim eshitmayotganini bilgani uchun tanishimiz ochiq tanbeh beribdi: «Uka, asal bo‘lmagan narsani asal deb sotishingizdan o‘zingizning ko‘nglingiz rozimi?» Yigit javoban: «Aka, shunday qilishga majbur bo‘lyapman, chunki savdo yaxshi bo‘lmayapti. Qiyomligini bilishsa, odamlar umuman olishmaydi». U kishi davom etib: «Ukajon, men sizni biron kishining oldida uyaltirish uchun emas, Alloh taolo uchun aytyapman, «Mo‘min mo‘minning ko‘zgusi», degan hadisi sharif borligini bilasiz. Siz Alloh taologa tavakkul qiling-da, yo qiyomni umuman sotmang, yo qiyomligini aytib soting. Sizga to‘g‘riligingiz uchun xaridorni mehribon Alloh taoloning O‘zi jo‘natadi. Hozirgacha qimmat asal oz sotilayotgan bo‘lsa, undan keyin ko‘rasiz qancha sotilishini. Shu vaqtgacha odamlarni aldab, qiyomni asal deb sotganingiz uchun astoydil tavba qilish esingizdan chiqmasin». Yigit: «Xo‘p, aytganingizdek qilaman», debdi.

Ko‘pincha, to‘y qiladigan odamlar sovg‘a-salom uchun tarqatib yuborishga arzon va qulay kiyim-kechaklar izlab qolishadi, qidirib-qidirib, shunchalik arzon ko‘ylaklar topishadiki, o‘ylab ham o‘tirishmasdan, bemalol o‘nlab, balki yana ham ko‘proq sotib olishadi. Sotayotgan «Ishbilarmon»lar xaridorlarning ko‘ylaklarni ochib ko‘rishlariga yo‘l qo‘yishmaydi. Agar ochib ko‘rishni xohlashsa, pulini avvaldan to‘lashlarini va sotib olingach, qaytarib bermasliklarini shart qilib qo‘yishadi. Xaridor bu yerda bir gap borligini bilsada ko‘ylaklarni sotib oladi va uyga borgach, ochib ham ko‘rmaydi. To‘y kuni bu sovg‘alar tarqatiladi. Hadya tekkan kishi uyiga borib, ochib ko‘rgach, kimdan xafa bo‘lishni bilmay qoladi. Chunki ko‘ylak na biror kishining qomatiga to‘g‘ri keladi, na kiyishga, na biron kishiga berishga yaraydi, matosi ham «haligidaqa». Bu katta qalloblik kimdan chiqqanini bilmay, tushunolmay xunob bo‘ladi.

Bunday ishlardan na ishlab chiqaruvchi, na savdogar, na sotib oluvchi baraka topmasligi aniq. Chunki baraka Alloh taolodan, Alloh taoloni esa aldab bo‘lmaydi. Gap savdo haqida ketayotgani uchun bu mojarolarda ko‘proq savdogarni ayblash mumkin. Chunki u shunaqa kazzob ishlab chiqaruvchining mahsulotlarini nafaqat sotib olmasligi, balki uni insofga chaqirishi kerak. Chunki bunday qalloblik mahsulotlarini sotib olayotganlar birinchi bo‘lib sotuvchidan norozi bo‘lishadi. Ochib, kiymoqchi bo‘lganlar esa sovg‘a qilganlardan xafa bo‘lishadi. Noiloj qo‘l siltab qo‘ya qolishadi. Agar savdogar yaroqsiz tovar ishlab chiqaruvchiga tanbeh bersa va sotib olmasa, uni ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotini sota olmaydi va «ko‘zi ochiladi».

Har xil maishiy texnika, mashina, mototsikl va asbob-uskunalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.

Bozorlarda yurganda Allohni ko‘p yod qilish, undan xayru baraka so‘rab duo qilish va bozorga kirganida o‘qiladigan ma'sur duolarni o‘qish mustahabdir. 

عن عمر بن الخطاب - رضي الله عنه - أن رسول الله - صلى الله عليه وسلم - قال: -( من دخل السوق فقال: لا إله إلا الله وحده لا شريك له له الملك و له الحمد يحيي و يميت و هو حي لا يموت بيده الخير و هو على كل شيء قدير كتب الله له ألف ألف حسنة و محا عنه ألف ألف سيئة و رفع له ألف ألف درجة و بنى له بيتًا في الجنة ) رواه الترمذي وابن ماجه

Umar ibn Xattobdan (roziyallohu anhu) Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlari rivoyat qilinadi: «Kim bozorga kirib «Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, lahul-mulku va lahulhamdu, yuhyiy va yumiytu va huva hayyun laa yamuvtu, biyadihil-xoyr va huva alaa kulli shay'in qodiyr» desa, Alloh unga ming-ming hasanot yozadi, undan ming-ming xatoni o‘chiradi va uni ming-ming darajaga ko‘taradi va unga jannatda bir uy bunyod qiladi» (Imom Termiziy). 

Shuningdek, bozorda savdo qiluvchi kishi yoki umuman har qanday kasb egasi rizq topishda faqat o‘zining amali, ustaligi va mahoratiga emas, balki, Allohning marhamatiga tayanishi, Unga tavakkul qilishi va Uning rizq va baraka berishiga ishonishi, shukr qilishi lozim. Zero, kishining rizqi noshudligi sababli kamayib qolmaganidek, uddaburonligi tufayli ortib ham ketmaydi. Chinakam shukr tufayligina ne'matlar ziyoda qilinadi.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Top