Istanbuldagi terakt ijrochisi o'zbekistonlik bo'lishi mumkin

Jahon 08 Yanvar 2017 86081
Фото: Daily Sabah

Istanbul politsiyasi 1 yanvarga o'tar kechasi Istanbuldagi tungi klubda otishma sodir etgan kimsaning shaxsini aniqladi, deb xabar bermoqda Daily Sabah nashri.

Ta`kidlanishicha, Istanbul politsiya boshqarmasi terrorchi o'zbek millatiga mansub Abdulqodir Masharipov ismli erkak bo'lganini aniqlagan. U shuningdek, Abu Muhammad Xurosoniy nomi bilan ham ma`lum bo'lgan.

Politsiya ayni vaqtda hujumdan keyin qochib ketishga muvaffaq bo'lgan terrorchini qidirmoqda.

Tergov ma`lumotlariga ko'ra, terrorchi 6 ta o'qdonni almashtirib, 180 tadan ko'p o'q uzgan. 7 daqiqa davom etgan hujumdan keyin u oshxonaga kirib, u yerda 13 daqiqa ichida kiyimlarini almashtirib, klubdan boshqa odamlar bilan birga chiqib, voqea joyini taksida tark etgan. Biroq u qo'shni tumanda taksichiga puli yo'qligini aytib, mashinadan tushib qolgan. Aynan taksichi terrorchining shaxsini aniqlashga yordam bergan.

Shuningdek, terrorchi Istanbulga Konya shahridan kelgani, 1988 yilda tug'ilgani va uchta til – turk, arab va rus tilini bilishi malum bo'lgan.

3 yanvarda Turkiya hukumati teraktni sodir etishda gumonlanuvchining shaxsini aniqlagani haqida ma`lumot paydo bo'lgandi, biroq ushbu ma`lumot rasman tasdiqlanmagandi.

Reina tungi klubidagi hujum oqibatida 39 kishi halok bo'lgan, 69 kishi yaralangan.

Ko'proq yangiliklar: