10:41 / 09.01.2017
23458

«Oltin globus» sovrinlari o‘z egalariga topshirildi

«Oy nuri» filmi «Oltin globus» mukofotini «Eng yaxshi drama» yo‘nalishida qo‘lga kiritdi. U Mel Gibsonning «Vijdon nuqtai nazaridan», Gart Devisning «Sher», Devid Makkenzini «Istalgan yo‘l bilan» va Kennet Lonnerganning «Dengizdagi Manchester» kartinalarini ortda qoldirdi.

Keysi Afllek esa «Dengizdagi Manchester» filmidagi roli uchun eng yaxshi dramatik aktyor deb tan olindi. 

«Eng yaxshi dramatik aktrisa» yo‘nalishidagi mukofot Izabel Yupperga «U» filmidagi roli uchun topshirildi. U bu nominatsiyada Natali Portman («Jyeki»), Emi Adams («Kelish»), Jyessika Chesteyn («Miss Sloun») va Rut Neggani («Sevish») ortda qoldirgan.

Rejissyor Pol Verxovenning «U» filmi «Oltin globus»ni «xorijiy tildagi eng yaxshi film» nominatsiyasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, bu yo‘nalishda Ud Benyaminning «Ilohiylar», Chili kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan «Neruda», rejissyor Maren Adening «Toni Erdmann» hamda eronlik rejissyor Asqar Farhodiyning «Sotuvchi» kartinalari sovringa egalik qilish uchun taqdim etilgandi.

«La-La Lend» myuzikli rejissyori Demen Shazell «Oltin globus»ni «Eng yaxshi rejissyor» yo‘nalishida qo‘lga kiritdi. Bu nominatsiyada Mel Gibson («Vijdon nuqtai nazaridan»), Tom Ford («Tun qorong‘usida») va Barri Jyenkins («Oy nuri») nomzodlari ham qo‘yilgandi.

Britaniya qirollik oilasi haqidagi «Toj» esa «eng yaxshi dramatik serial» yo‘nalishida g‘olib topildi. 

Shuningdek, taniqli aktrisa Meril Stripga kinematografiyaga qo‘shgan hissasi uchun Sesil B. De Mill sovrini topshirildi.

To‘liq metrajli "Hayvonlar shahri" multfilmi esa 2016 yilning eng yaxshi animatsion kartinasi deb topildi.

Top