CES 2017: Bir-biri bilan "muloqot qiluvchi" avtomobillardan to 9 ming dollarlik noutbukkacha

Texnologiya 10 Yanvar 2017 5180

Kuni kecha Las-Vegasda CES 2017 xalqaro elektronika ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Hi-Tech nashri ushbu ko'rgazmaga tashrif buyurib, eng yangi texnologiyalar va gadjyetlar haqida ma`lumotlar bilan bo'lishdi. 

Sony'ning OLED-televizorlari 

CES 2017 ko'rgazmasida Sony kompaniyasi A1 seriyadagi BRAVIA OLED yangi flagman lineykasi televizorlarini namoyish etdi. Qurilmalar uch xil diagonalda taqdim etildi: 55, 65 va 77 dyuym, ularning barchasi - 4K televizorlar. Displeylar OLED texnologiyasi bo'yicha ishlab chiqariladi. Har bir piksel - bir-biridan mustaqil ravishda yonuvchi alohida organik diod. Televizor tabiiy qora rangni yetkazib bera oladi, yangi X1 Extreme protsessori esa maxsus algoritmlar yordamida real vaqt rejimida tasvirning sifatini oshiradi. 

Televizorlarning tovushi alohida tahsinga sazovor. Sony o'zining yangi televizorlarida Acoustic Surface texnologiyasini namoyish qildi: korpusning o'zida alohida kolonkalar yo'q, tovush OLED displeyning o'zidan chiqadi. U ulkan membrana rolida namoyon bo'ladi va vibratsiya hisobiga tovushni bir necha barobar kuchaytiradi. 

Intel GO va BMW i8

BMW kompaniyasi Intel GO platformasi bazasidagi BMW i8 Roadster elektromobil kontseptini namoyish qildi. Bu texnologiya avtomobilga avtomatik manevr tizimini integratsiyalashga imkon beradi. Intel GO'li elektrokar yo'ldagi to'siqlarni oldindan aniqlab, ular bilan to'qnashishning oldini  oladi. Tizim 5-avlod uyali aloqa tarmoqlarida (5G) ishlashga tayyor. 

BMW 2017 yilning ikkinchi yarmida 40ta o'z-o'zini boshqaruvchi avtomobillarni yo'llarda sinab ko'radi. 

Faraday Future

Faraday Future startapi birinchi marta kelajak avtomobili prototipini namoyish qildi - Faraday Future FF 91. Uni Tesla'ning asosiy raqibi, deb hisoblashmoqda. Avtomobil 1050 ot kuchiga ega 4 elektrodvigatelda ishlaydi. Ishlab chiqaruvchi raqiblar orasida eng uzoq batareyalar (sig'imi - 130 kVtch) faoliyatini va`da qilmoqda - 600 kilometr. Elektrokar atigi 45 daqiqada zaryad oladi. 

FF 91 avtomatik joylashuv funksiyasini LeEco bosh direktori va Faraday Future kompaniyasi investori Tszya Yuetin namoyish qildi. Biroq avtomobil bino ichida signal olish bilan bog'liq muammolar tufayli o'rnidan qo'zg'almadi. Ikkinchi urinishda hammasi o'ylagandek amalga oshdi. 

Toyota Concept-i

Toyota kompaniyasi CES 2017 ko'rgazmasida avtomobillar kelajagini qanday ko'rishini Concept-i - Yui sun`iy intellektiga ega avtomobili orqali namoyish qildi. Bu avtomobilning insonga xos xususiyatlarga ega bo'lishini ko'rsatadi.  

Bort kompyuteri mashina egasi - uning tashqi ko'rinishi, his-tuyg'ulari, kayfiyati va boshqaruv uslubini o'rganadi. Ana shu ma`lumotlar asosida sun`iy intellektning haydovchi va yo'lovchilar bilan munosabatlar modeli quriladi. Avto odamlar bilan so'zlashish, salomlashish, maslahat va tavsiyalar berishni o'rganadi. Bundan tashqari, Yui intellektli mashinalar bir-birlari bilan ham "muloqot qila olishadi".

Nissan SAM

Nissan kompaniyasi avtonom avtomobillar rivojiga boshqa tomondan yondashdi. U Seamless Autonomous Mobility platformasini namoyish qildi. Platforma bort kompyuteriga boshqaruvni qachon inson qo'liga topshirish kerakligini aniqlashda yordam beradi. 

Avtomobil maxsus sensorlar va datchiklar yordamida YTH, buzilgan svetoforlar yoki boshqa to'sqinliklardan ogohlantiradi. Shunda keyingi boshqaruv mutaxassis qo'liga o'tadi. U vaziyatni inobatga olib, yo'nalishni masofadan turib boshqaradi. Yo'ldagi hodisalarga oid xabarlar SAM texnologiyasi orqali boshqa avtomobillarga yetkaziladi va ular avtomatik ravishda o'z yo'nalishlarini o'zgartirishadi. 

Nvidia AI

None animated GIF

NVIDIA kompaniyasi Audi bilan birga Q7 krossoveriga integratsiyalashtirilgan avtonom boshqaruv texnologiyasini namoyish qildi. Avtonom mashina platformasi dastlab haydovchining yo'ldagi xatti-harakatlarini o'rganadi. Keyin esa kompyuter insonning boshqaruv uslubini "eslab qoladi". Xabarni qayta ishlash va qaror qabul qilishga Nvidia maxsus grafik protsessori mas`uldir. 

Qualcomm 835

Qualcomm kompaniyasi CES ko'rgazmasida Snapdragon 835 chipidagi tizim - Samsung'ning FinFET 10 nm texnologiyasini qo'llovchi birinchi mobil platformani namoyish etdi. Chip Snapdragon 820/821'ga qaraganda 35 foizga ixchamroq va energiya jihatdan 25 foizga smaraliroq. U virtual va to'ldirilgan reallik, IP-kamera, planshetlar, mobil PK va boshqa iste`molchi devayslar displeylari uchun ham ishlangan.

Snapdragon 835 protsessorining asosiy komponentlari - X16 gigabitli LTE modem, Adreno 540 grafik protsessori va  Qualcomm Spectra 180 tasvir datchiklari. Smartfonlar tez zaryadlanuvchi Quick Charge 4.0 bilan qo'llab-quvvatlanadi. 

ASUS Zenfone AR

ASUS'ning yangi smartfonida biryo'la uch kamera o'rnatilgan. U birinchi marta 8 Gb operativ xotira bilan ta`minlandi! Zenfone AR qurilmasi maxsus kamera va sensorlarga ega bo'lib, u virtual ob`yektlarni Tango texnologiyasi orqali "tirik" tasvirga aylantiradi. Bundan tashqari, smartfon Daydream virtual reallik texnologiyasini qo'llab-quvvatlaydi va Daydream View dubulg'asiga moslasha oladi. 

Samsung'ning QLED-televizorlari 

Q7, Q8 va Q9 yangi televizorlar qatori takomillashtirilgan QLED texnologiyasi imkoniyatlarini namoyish qiladi. Displey bir necha million alohida materiallar - metal Quantum Dot kvant nuqtalaridan iborat. QLED texnologiyasi ko'p jihatdan OLED'ga o'xshash. Biroq OLED organik yorug'lik diodlarini qo'llaydi, Samsung panellari esa metall asosidagi kvant nuqtalardan iborat. 

Samsung panellari ishlab chiqarishda arzonroq, energetik jihatdan samaraliroq bo'lib, OLED-televizorlarga taqqoslaganda, ulardan-da sifatli tasvirni aks ettiradi. Shuningdek Samsung o'z televizorlari yorqinligini ham keskin oshirishning uddasidan chiqdi. 

9 ming dollarlik noutbuk

Acer kompaniyasi CES ko'rgazmasiga o'zining birinchi 21 dyuymli moslashuvchan noutbuki — Predator 21X'ni olib keldi. Kompyuter yettinchi avlod Core i7 top protsessori va SLI'ga ulangan ikkita GeForce GTX 1080 videokartasida ishlaydi. Unga 64 Gb'gacha operativ xotira o'rnatish mumkin. Ushbu ajoyib qurilmaning og'irligi - 8 kilogramm!

Biroq eng qizig'i - narxi. Acer'ning ma`lum qilishicha, Predator 21X noutbuki bahosi - 9000 dollar. 

Ko'proq yangiliklar: