16:09 / 10.01.2017
22663

Smartfonlarning inson sog‘lig‘iga yangi xavfi aniqlandi

Foto: Yahoo

Koreyalik olimlar smartfon ekrani qarshisida 3 soat va undan ko‘p vaqtni o‘tkazuvchi bolalar Quruq ko‘z sindromiga (QKS) chalinishi mumkin, degan xulosaga kelishdi. Bu haqida Orthodox tibbiy portali xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, QKS belgilari yo‘qolishi uchun bolalar bir oy davomida smartfonlardan foydalanishmagan.

Quruq ko‘z sindromi organizm yetarlicha ko‘z yosh ishlab chiqara olmaganda yuzaga keladi. Natijada ko‘zlar qizarib, achishadi. Bunday paytda ko‘zga xuddi biror narsa tushgandek tuyuladi.  

Umuman olganda, QKS asosan keksalarda kuzatiladi. Biroq so‘nggi paytlarda kasallik shiddat bilan "yoshara boshladi", sindrom bolalarda ham aniqlanmoqda. Olimlarning ishonchi komilki, bunga smartfonlarning ko‘payishi sabab bo‘lmoqda. 

Ushbu nazariyani tekshirib ko‘rish uchun koreyalik olimlar 7-12 yoshdagi 916 nafar bola ishtirokida tadqiqot o‘tkazishdi. Ko‘rish qobiliyati tekshiruvi davomida bolalarning 6,6 foizida Quruq ko‘z sindromi aniqlandi. Ularning deyarli barchasi kun davomida 3,2 soatdan smartfonlardan foydalanishgan. 

Sog‘lom natija ko‘rsatgan bolalarning yarmi esa gadjyetlardan foydalanmagani ma'lum bo‘lgan, qolgan bolalar esa mobil telefondan o‘rtacha 37 daqiqadan foydalanishgan. 

Mazkur sindromdan aziyat chekuvchi bolalardan bir oy davomida gadjyetlardan foydalanmaslik so‘raldi. Natijada kasallik belgilari yo‘qoldi. 
 

Top