Kasaba uyushmalari sanatoriylarida 8 mingdan ziyod 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari sog'lomlashtirildi

Jamiyat 11 Yanvar 2017 1984

Bugungi kunda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida 17 ta sanatoriy hamda 2 ta dam olish uyi faoliyat yuritmoqda. Ularda har yili respublikamizning 100 ming nafardan ziyod turli soha xodimlari va ularning oila a`zolari hordiq chiqarib, o'z salomatliklarini mustahkamlab kelmoqdalar, deb xabar berdi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Matbuot xizmati. 
 
Tizimdagi har bir sanatoriy ko'p tarmoqli bo'lishi bilan birga, kardiologik, gastroenterologik, ginekologik, nevrologik, pulmonologik hamda nefrologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan. Barcha sanatoriylar joylashgan hududi, tabiati, mo'`tadil iqlimi, yer tubidan tabiiy ravishda sizib chiqayotgan ma`danli suvlari, ular tarkibidagi organik mineral tuzlarning davoli ta`siriga ko'ra  dunyoga mashhur xorij sihatgohlari bilan teng raqobatlasha oladi. 

Tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida sanatoriylar zamonaviy gastrofibroskop, kolposkop, rektoskop, ginekologik gidrokolonoterapiya, umurtqa pog'onasini kompyuter nazoratida tortish, zamonaviy kompyuter EKG apparatlari, biokimyoviy analizatorlar bilan ta`minlangan. Shuningdek, sanatoriylarning davolash bo'limlari yangi zamonaviy fizioterapevtik asbob-uskunalar bilan boyitildi. Tasarrufdagi sanatoriylarda nafas olish a`zolari kasalliklarini davolash uchun “Tuzli g'or” tashkil qilinib, speleoterapiya davo usuli hamda “ozonoterapiya”, “nordik yurish”, “stounoterapiya”, “psammoterapiya” kabi yangi davo usullari tatbiq qilindi. 

Keksa avlod vakillarini sog'lomlashtirish masalasi ham kasaba uyushmalarining doimiy diqqat markazida bo'lib kelmoqda. Xususan, 2015-2016 yillar davomida 8 ming nafardan ziyod 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari manzilli sog'lomlashtirildi. Sanatoriylarda ular uchun qo'shimcha qulayliklar yaratilib, “Urush va mehnat faxriylari bo'limlari” faoliyati yo'lga qo'yildi. Faxriylarga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish maqsadida sanatoriylardagi bir qator shifokorlar “gerantologiya”, ya`ni keksalarni davolash bo'yicha mutaxassislikka o'qitilib, otaxon va onaxonlarga yuqori darajali tibbiy va maishiy xizmatlar ko'rsatilishi ta`minlandi. 

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnatkashlarning dam olishga bo'lgan talab va istaklari tobora oshib borayotganligini inobatga olgan holda o'z tizimidagi sanatoriylarda o'rinlar sonini ko'paytirish orqali mehnatkashlar va ularning oila a`zolarini sog'lomlashtirish bilan qamrab olish ko'lamini yanada kengaytirish masalasiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Shu maqsadda, bugungi kunda Termiz shahridagi “Termiz marvaridi” sanatoriysini davr talabi darajasida ta`mirlash va qayta jihozlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu maskan Surxon vohasidagi balneologik va iqlimiy kurort bo'lib, dam oluvchilarni davolashda sanatoriyda mavjud sun`iy ko'l bo'yidagi qumdan tabiiy omil sifatida foydalaniladi. Shuningdek, 2017 yilda “Oq-tosh” va “Zomin” sanatoriylarida yangi yotoq binolarini barpo etib, xalqimizga tuhfa etish maqsad qilingan.

Ko'proq yangiliklar: