«Yes we can. Yes we did». Barak Obamaning davri tugadi

Jahon 11 Yanvar 2017 28947

AQSh prezidenti Barak Obama seshanba kuni kechqurun amerikaliklar oldida davlat rahbari sifatida so'nggi nutqini so'zladi va unda o'zining sakkiz yillik prezidentlik faoliyatini sarhisob qildi.

Obamaning fikricha, natijalar ijobiy: hamjihatlikdagi xatti-harakatlar samarasi o'laroq, “Amerika 2009 yilga nisbatan yanada farovon va qudratli bo'ldi”.

O'z lavozimini tark etayotgan prezidentning fuqarolarga yetkazmoqchi bo'lgan asosiy g'oyasi - “Amerika demokratiyasi buyukligi” hamda uni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish zaruratidan iborat bo'ldi.

Obama Rossiya va Xitoyni dunyodagi ta`siriga ko'ra, AQSh bilan tenglasha olmaydigan raqiblar deb atadi.


Trampning soyasi

20 yanvar kuni prezident lavozimini Obamaning asosiy siyosiy raqiblaridan biri bo'lgan respublikachi Donald Tramp egallaydi. Noyabr oyida milliarder AQSh prezidentlik saylovlarida g'alaba qozondi. Bu afroamerikalik ilk prezidentning ko'plab islohotlarini xavf ostiga qo'yadi.

Ehtimol, aynan shuning uchun saylov oldi kampaniyalari vaqtida boshlangan “aytishuvlar” asorati Obamaning so'nggi murojaatida ham sezildi, holbuki u o'z raqibining familiyasini faqat bir marotaba tilga oldi – u ham bo'lsa, hukumatni “tinch yo'l bilan topshirish”ga va`da berganida. Biroq ishoralar yetarlicha bo'ldi.


Savdo va sog'liqni saqlash

Obama yangi saylangan AQSh prezidentining erkin savdo kelishuvlari ishchi o'rinlarni yo'qotishga olib kelishiga doir fikriga qo'shilmadi.

“Bizning savdomiz nafaqat erkin, balki adolatli ham bo'lishi kerakligiga qo'shilaman. Biroq iqtisodiy talofatlarning keyingi to'lqini chetdan kelmaydi. U o'rta toifadagi ko'p yaxshi ish o'rinlarini bekor qiluvchi avtomatlashtiruvning tezlashishi natijasida sodir bo'ladi”, - dedi amaldagi davlat rahbari.

Bu Trampning Trans-tinch okeani hamkorligiga doir kelishuvdan chiqish taklifiga to'g'ridan to'g'ri javob bo'ldi.

Obama o'zining asosiy “farzandi” – sog'liqni saqlash islohotini bundan-da qat`iy himoya qildi. Uning so'zlariga ko'ra, bu millionlab nochor amerikaliklarga tibbiy xizmatlardan foydalanish imkonini berdi. Biroq respublikachilarning ta`kidlashicha, bu ko'plab boshqa amerikaliklarga tibbiy xizmatlarning qimmatga tushishiga olib keldi.

Bundan avval Tramp Obamaning sog'liqni saqlash islohotini “bekor qilish va almashtirish” niyatida ekanligini ma`lum qilgan. Bugungi kunda ikki palatani ham respublikachilar nazorat qilayotgan kongressda bu borada bahs-munozaralar ketmoqda.


Demokratiya xavf ostida

Barak Obama, eng avvalo, Amerika jamiyati va butun dunyoning iqtisodiy emas, ma`naviy qadriyatlar muhofazasidan xavotirda, zero uning fikricha, Amerika dunyo yetakchisi hisoblanadi.

O'z partiyasi uchun muvaffaqiyatsiz kechgan saylovlarni yodga olar ekan, prezident mamlakat ichidagi demokratiyaga oid bir qator muammolarga diqqatni qaratdi.

“Institutlarga nisbatan ishonch past darajada bo'lgan bir paytda biz pullarning siyosatimizga halokatli ta`sirini qisqartirishimiz va davlat xizmatida oshkoralik hamda axloq tamoyillarida sobit turishimiz kerak”, - dedi Obama.

Kongressdagi ikki yetakchi partiya o'rtasidagi kelishmovchiliklar Obamaning prezidentlik davrida unga ham, kongressga ham zarur islohotlarni o'tkazishga halaqit berdi.

“Barchamiz, qaysi partiya bo'lishidan qat`i nazar, demokratik institutlarimizni qayta tiklashga kirishishimiz lozim”, - deya ta`kidladi Obama.

Davlat rahbari shuningdek demokratiya va qonunlarga hurmatning zaiflashuvi fuqarolik va xalqaro urushlar tahdidini keltirib chiqarishidan ogohlantirdi. Shu bois butun dunyoda demokratiya ideallari uchun kurashish zarurligini qayd etdi.  

“Bizning hayot tarzimizni himoya qilish faqat armiyadan ko'proq narsani talab qiladi. Biz o'z qadriyatlarimizni zaiflashtirish natijasida demokratiyani yo'qotishimiz mumkin. Shuning uchun biz, fuqarolar, tashqi agressiyaga qarshi hushyor bo'lmog'imiz darkor, qadriyatlarimizning zaiflashishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak”, - dedi Obama.

Shu o'rinda u prezidentlik lavozimida oxir-oqibat yopilmagan Guantanamodagi qamoqxonaning yopilishi tarafdori bo'lgani, fuqarolarni nazorat qilish organlari amaliyotini isloh qilgani, “qiynoqlarga chek qo'yib”, terrorizm bilan kurashganini eslatib o'tdi.

“Aynan shuning uchun men musulmon amerikaliklarning kamsitilishga qarshiman”, - deya ma`lum qildi Obama zaldagi olqishlar fonida.

“Erkinlik va qonunni hurmat qilish butun dunyo bo'ylab qisqarar ekan, millatlar orasidagi ichki urushlar ehtimoli va bizning erkinligimiz oxir-oqibat xavf ostida qoladi”, - deb hisoblaydi u.


Dunyo tartibiga tahdid

Obamaning fikricha, dunyodagi tartib-intizomga islom nomidan ish qiluvchi fanatlar va ba`zi mamlakatlardagi diktatorlar xavf solmoqda.

Davlat rahbari Amerika demokratiyasi uchun bunday xavf-xatarlar “mina o'rnatilgan avtomobil yoki raketa”dan kattaroq tahdid tug'dirishini ta`kidladi.

Terrorizm tahdidi haqida gapirar ekan, Obama uning prezidentlik davrida (8 yil ichida) Amerika maxsus xizmatlari va harbiylar “o'n minglab terrorchilar”ni yo'q qilganiga to'xtalib o'tdi. 

Shuningdek Obama raqiblarni eslab o'tishni ham joiz deb topdi:

“Rossiya va Xitoy kabi raqiblar bizning dunyoga ta`sirimiz borasida tenglasha olmaydi, agar biz qadriyatlarimizdan voz kechmasak, albatta”, - dedi u.


Obamaning faxri

Obama Chikagoda, McCormick Place markazida ko'p mingli auditoriya oldida chiqish qildi. Amerikaliklar bilan xayrlashish uchun aynan shu shaharning tanlanganligi bejiz emas – Obama uzoq yillar Chikagoda yashab, ishlagan. Uning siyosiy karerasi ham shu shahardan boshlangan. O'z vatandoshining nutqini auditoriya zavq bilan qarshi olib, qarsaklar va quvonch hayqiriqlari bilan kuzatdi.

Amerika yetakchisi u uchun kim ibrat bo'la olishi, kimni haqiqiy do'sti deb bilishi va kim bilan faxrlanishini aytib o'tdi.

“Sen men uchun ibrat bo'lding, sen meni faxrlanishga majbur qilding va butun mamlakat sen bilan faxrlandi”, - dedi Obama turmush o'rtog'i Mishelga murojaat qilib. 

Turmush o'rtog'i haqida gapirayotgan paytda Obama ko'z yoshlarini zo'rg'a tiyib turganini sezish qiyin bo'lmadi, Mishel esa o'zini juda xotirjam tutardi.

“So'nggi 25 yil sen mening ayolim, farzandlarimning onasi, asosiysi – mening do'stim bo'lib kelding”, - dedi Obama.

Turmush o'rtog'iga minnatdorchilik bildirgan Obama zaldagi 18 yoshli qizi Maliyaga qarata murojaat qildi.

“Hayotimdagi eng katta faxr tuyg'usini sizning otangiz ekanligimdan tuyaman”, - dedi prezident o'z farzandlari haqida (kenja qizi - Sasha zalda yo'q edi).

Shuningdek Barak Obama vitse-prezident Jo Bayden unga o'z akasidek bo'lib qolganini ta`kidladi.

Obama o'z nutqini sakkiz yil avvalgi saylov oldi shiori bilan tugalladi:

«Ha, biz buning uddasidan chiqamiz!» («Yes we can»). Biroz jimlikdan so'ng «Ha, biz uddaladik!» («Yes we did»)

Obama nimaning uddasidan chiqdi-yu, nimaga erisha olmaganiga oid bahslar Amerika jamiyatida hali uzoq davom etadi. Biroq shuni inkor qilib bo'lmaydiki, 20 yanvar kuni u hukumatni o'z ittifoqdoshlaridan biriga emas, uning “merosi”ni xavf ostiga qo'yadigan va uning aksariyat islohotlarini o'zgartirish niyatida bo'lgan insonga topshiradi.

 

Ko'proq yangiliklar: