Obama o'z tvitlarini olib ketmoqda

Jahon 11 Yanvar 2017 7683
Фото:Christian Charisius/dpa via AP

AQShning 44-prezidenti Barak Obama o'z siyosiy faoliyati davomida internetdan foydalanuvchi hamda Twitter’da sahifa yuritgan ilk siyosatchilardan biri bo'ldi. Biroq Obama internet kampaniyalarini muvaffaqiyatli yuritish tajribasini Hillari Klintonga yetkaza olmadi, bu uning prezidentlik saylovlaridagi muvaffaqiyatsizligida asosiy rollardan birini o'ynadi. “Gazeta.ru” nashri Obama va internet mavzusiga to'xtalib o'tdi.

Internet Barak Obama uchun saylovchilar bilan muhim aloqa vositasi ekanligi uning prezidentlik lavozimi uchun birinchi kurashi davridayoq ayon bo'ldi. Hozirda siyosatshunoslar 2008 yilgi saylovlar elektron saylov kampaniyasi kabi fenomenning paydo bo'lishiga olib kelgani haqida dadil aytishlari mumkin.

O'z raqibi – respublikachi Jon Makkeynni – Obama aynan onlaynda mag'lub qilgan.

Obama o'zining texnologiyalar va o'sha paytdagi BlackBerry smartfoniga sodiqligini namoyon etayotgan bir vaqtda uning jamoasi tarmoqlar orqali virus kabi ommalashgan chorlovlar va videoroliklarni keng tarqatishdi.

Ta`kidlash joizki, Obama prezidentlik davrida BuzzFeed nashrining doimiy mehmoni bo'ldi. Bu vaqtda esa boshqa siyosatchilar o'z matbuot kotiblari orqali jiddiy agentliklarga ma`lumot berishgan.

Amerika prezidenti esa mem va testlarga ixtisoslashgan onlayn-media jurnalistlari bilan suhbatlashgan.

Birinchi raqamli xonim Mishel Obama ham bu masalada turmush o'rtog'idan qolishmagan. 2016 yilning martida u The Verge IT-nashriga intervyu berdi va Oq uyda ijtimoiy tarmoqlar qanday qo'llanishi haqida so'zladi.

Siyosatchi hatto videobloger rolida namoyon bo'lishdan ham tortinmagan. U o'z targ'ibotini televideniye emas, YouTube-kanal orqali yuritib, tavakkal qilgan. Obama prezidentlik poygasiga salmoqli internet resursi bilan kirishdi.

O'sha payt uning Facebook ijtimoiy tarmog'idagi do'stlari soni 2 milliondan ziyod bo'lib, uning Twitter mikroblogi servisidagi sahifasiga 125 mingdan ortiq kishi yozilgandi. Makkeynda esa – 622 ming (Facebook) va 3 ming (Twitter) follover bo'lgan.

Biroq Twitter uzoq vaqt davomida Obamaning o'zi emas, uning shtabidagi xodim tomonidan yuritilgan. 2015 yilda POTUS — President of the United States (AQSh prezidenti) akkaunti paydo bo'ldi.

Bugungi kunda ushbu akkauntni doimiy kuzatuvchilar soni 13 milliondan oshgan, uning jamoasi yurituvchi akkauntda esa – 80 million.

Shunisi qiziqki, Barak Obama "Ginnesning rekordlar kitobi"ga o'ziga xos natija bilan kirishga muvaffaq bo'lgan – u Twitter’da o'z akkauntini yaratgan ilk besh soat ichida 1 million folloverga ega bo'lgan.

2017 yilning 20 yanvaridan @POTUS Amerikaning 45-prezidenti tasarrufiga o'tadi.

Obamaning barcha tvitlari uning yangi, rasmiy mikroblogi - @POTUS44’ga ko'chiriladi.  

Barak Obamaning 2012 yilgi saylovoldi poygasidagi tviti o'sha payt uchun rekord natijadagi retvitlar va layklarni to'pladi. Uning rekordini 2014 yilda “Oskar” mukofotida olingan selfi, 2016 yilda esa Donald Trampning tvitigina ortda qoldirishga muvaffaq bo'ldi.

Obama juftligi tomonidan internet orqali targ'ibot olib borish ommalashganiga qaramay, demokratlar nomzodi Hillari Klinton o'z partiyadoshining tajribasini qo'llamadi va undan farqli ravishda, dijital muhitda faol bo'lgan respublikachiga mag'lub bo'ldi.

AQSh va Rossiya o'rtasidagi tang munosabatlar tufayli runetda “Obama aybdor” memi paydo bo'ldi. Inglizzabon foydalanuvchilar xotirasida esa Obama o'zining «Yes, we can» (“Ha, biz uddaladik”) shiori va «not bad» (“yomon emas”) yuz ifodasi bilan muhrlanib qoladi.

Obama selfidan charchadi, o'z vakolatlarini to'liq topshirganidan keyin esa kitob yozish bilan shug'ullanishni rejalashtirmoqda. Biroq internet-kompaniyalar ham uni o'z xodimlari safida ko'rishni istashlarini bildirishgan.

Ko'proq yangiliklar: