20:23 / 11.01.2017
70882

Rizqning 21 ta kaliti

1-kalit. Allohga taqvo qilish. Taqvo – Allohning buyruqlariga bo‘ysunish, man etgan ishlaridan saqlanish. Alloh taolo o‘z Kitobida marhamat qiladi: “Kimki Allohga taqvo qilsa, (U) unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur...” (Taloq, 2–3). 

2-kalit. Allohga tavakkul qilish. Ibn Abu Dunyo rivoyat qiladi: “Bir kishi ushbu oyatlarni o‘qidi: “Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas (Allohning) o‘zi unga kifoya qilur” (Taloq, 2); “O‘lmaydigan Barhayot zotga tavakkul qiling hamda Uning hamdi bilan tasbeh ayting! U O‘z bandalarining gunohlaridan yetarlicha xabardordir” (Furqon, 58). So‘ngra u Sulaymon Xavvos degan kishiga yo‘liqib dedi: “Ey Abu Qudoma, banda ushbu oyatdan so‘ng Allohdan o‘zgasidan panoh so‘ramasin”. 

3-kalit. Namoz. Abu Umoma (r. a.) Rasululloh (s. a. v.)dan rivoyat qiladi: “Uch toifa kishi borki, ularning bari Allohning kafolatida. Hayotliklarida Alloh taolo ularga kifoya qiladigan rizq beradi. Vafot etishsa, Alloh taolo ularni jannatga kiritadi: 1. Kim uyiga kiriboq salom bersa, u Allohning kafolatidadir; 2. Kim masjidga chiqsa, u Allohning kafolatidadir; 3. Kim Alloh yo‘lida chiqsa, u Allohning kafolatidadir” (Abu Dovud). 

4-kalit. Sabablarni harakatga keltirish. Bunon Hammol (mashhur muhaddis) bunday degan edi: “Doimiy ravishda sabablarning o‘zinigina ko‘rib mushohada qilmaslik, musabbib – ya'ni, sabablarni joriy qilgan Allohni idrok eta olmaslikka olib keladi. Sabablardan yuz o‘girish esa kishini layoqatsizlik, nochorlikka yetaklaydi”. 

5-kalit. Istig‘for va tavba. Alloh taolo marhamat qiladi: “Bas, dedimki: “Rabbingizdan mag‘firat so‘rang! Albatta U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya'ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur. Sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur” (Nuh, 10–12). 

Ibn Abbos (r. a.) rivoyat qiladi: “Rasululloh (s. a. v.) bunday dedilar: “Kim istig‘forni ko‘paytirsa, Alloh taolo uni barcha tashvishlaridan xalos qiladi, har qanday chorasizlikdan qutqarib yo‘l ko‘rsatadi hamda uni o‘zi kutmagan joydan rizqlantiradi”. 

6-kalit. Allohga ishonch. Abu Usayd Fazoriydan so‘rashdi: “Nima bilan tirikchilik qilasiz?” U kishi Allohga takbir va hamdu sanolar aytib: “Nahotki maymunning ham, to‘ng‘izning ham rizqini bergan Alloh Abu Usaydning rizqini bermasa?!” dedi. 

7-kalit. Rizqni tongda terish. “Rasululloh (s. a. v.) bunday dedilar: “Yo Alloh, ummatimning barakalarini tongda ber”. 

Sahobalardan Soxr ibn Vadoa (r. a.) mazkur hadisga rioya qilib, tijoratini kunning avvalgi qismida yuritar, natijada, juda boyib, mol-dunyosi ko‘payib ketgan ekan (Termiziy). 

8-kalit. Shukrona keltirish. Alloh taolo ogohlantiradi: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslang: “Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” (Ibrohim, 7). 

Imom Faxriddin Roziy mazkur oyatning tafsirida bunday yozadi: “Kim bergan ne'matlari uchun Allohga shukr keltirsa, Alloh taolo unga o‘z ne'matlarini yanada ziyoda qilib qo‘yadi. Bunday holatda banda haqiqiy shukronalikni idrok etishi hamda shukrona ortidan ato etilgan ne'matlarni anglab yetgan holda mushohada qilishi kerak”. 

9-kalit. Allohning ibodatiga forig‘ bo‘lish. “Ibodatga forig‘ bo‘lish”dan murod, ba'zi odamlar o‘ylaganidek, mehnat, kasb-hunarni tark etib ibodatga sho‘ng‘ib ketish emas. Balki ibodat chog‘ida qalbning hozir bo‘lishi hamda qalbni mazkur onlarda dunyoviy mashg‘ulotlardan uzish, ya'ni har bir ibodatni chin qalbdan va sidqidildan bajarishdir. Rasululloh (s. a. v.) dedilar: “Alloh taolo aytadi: “Ey Odam bolasi, ibodatimga forig‘ bo‘l, dilingni boy qilaman, faqringni ketkazaman, agar shunday qilmasang, qo‘lingni ishga to‘ldiraman, faqirligingni ketkazmayman” (Imom Ahmad). 

10-kalit. Boylikni duo qilib so‘rash. Bir kuni Xolid ibn Valid Rasululloh (s. a. v.)ga turmushidagi nochorlikdan shikoyat qildi. Shunda Rasuli akram (s. a. v.) dedilar: “Qo‘llaringni osmonga ko‘targin-da, Allohdan keng rizq so‘ra!” (Tabaroniy). 

11-kalit. Faqirlik yetishidan panoh so‘rash. Nabiy (s. a. v.) tong otganda va kech bo‘lganda ushbu duoni uch marta o‘qir edilar: “Allohumma afiniy fi badaniy, Allohumma afiniy fi sam'iy, Allohumma afiniy fi basariy, la ilaha illa anta, Allohumma inniy a'uzu bika minal kufr, val faqr, va a'uzu bika min azabil qabr, la ilaha illa anta” (Abu Dovud). 

Ma'nosi: Yo Alloh, badanimni, qulog‘imni va ko‘zimni sog‘lom qilgin, ofiyat bergin! O‘zingdan boshqa iloh yo‘q! Yo Alloh, Sendan kufr va faqirlikdan panoh berishingni so‘rayman. Qabr azobidan panoh tilayman. 

12-kalit. Haj va umra qilish. Ibn Mas'ud (r. a.) rivoyat qiladi: “Rasululloh (s. a. v.) dedilar: “Haj va umrani ketma-ket qilinglar, zero, ular olov temirning zangini, tilla va kumushning kirini ketkazgani kabi faqirlikni daf etadi va gunohlardan poklaydi. Mabrur (qabul bo‘lgan) hajning savobi jannatdir” (Imom Ahmad). 

13-kalit. “Subhanalloh” iborasini ko‘p aytish. Rasululloh (s. a. v.) aytdilar: “Nuh payg‘ambar o‘limi oldidan farzandiga bunday dedi: “Men senga bir vasiyat qilaman, ikki ishni buyuraman, ikkitasidan esa qaytaraman: “La ilaha illalloh”ni buyuraman, zero, yetti osmon va yetti yer bir kaftga va “La ilaha illalloh” ikkinchi kaftga qo‘yilsa, “La ilaha illalloh”ning toshi og‘ir keladi. Senga “Subhanallohi va bihamdihi”ni buyuraman, zero, u bog‘lovchidir, u bilan maxluqotlar rizqlantiriladi. Seni kibr va shirkdan qaytaraman” (Imom Ahmad). 

14-kalit. Silai rahm. Rasululloh (s. a. v.) bunday deganlar: “Kimni rizqi ko‘payishi va umriga baraka berilishi xursand etsa, silai rahm (qarindoshlari bilan bordi-keldi) qilsin” (Imom Buxoriy). 

15-kalit. Tolibi ilmga yordam ko‘rsatish. Anas ibn Molik (r. a.) aytadi: “Rasululloh (s. a. v.) davrlarida aka-uka bor edi. Ulardan biri Rasululloh (s. a. v.)ning majlislariga kelib, ul zotning muborak hadislariga quloq tutardi. Ikkinchisi esa hunarmandchilik qilardi. Bir kuni hunarmand aka Rasululloh (s. a. v.)ga shikoyat qilib keldi: “Yo Rasululloh, ukam menga hech bir ishda yordam bermaydi!” Shunda Rasululloh (s. a. v.) dedilar: “Ehtimol, sen uning sharofatidan rizqlantirilayotgandirsan?” (Termiziy). 

Mullo Ali Qori (r. a.) ushbu hadis sharhida bunday degan: “Rasululloh (s. a. v.)ning: “Ehtimol, sen uning sharofatidan rizqlantirilayotgandirsan?” deb majhul nisbatda aytishlaridan ma'no shuki, u zot: “O‘ylashimcha yoki qo‘rqamanki, u sening hunarmandchiliging tufayli emas, sen uning barakoti tufayli rizqlanyapsan. Sening rizqing hunarmandchiliging ortidan kelmayapti”, demoqchilar”. 

16-kalit. Ishni maromiga yetkazib bajarish. Ushbu omil rizqning mo‘l bo‘lishiga olib keluvchi muhim sabablardan. Kundalik hayot ham odamlarning ko‘ngli ishni maromiga, kamoliga yetkazib bajaradiganlarga oshiqishini, ularni boshqalardan afzal bilishlarini ko‘rsatib turibdi. 

17-kalit. Omonatdorlik. Odamlar o‘z ishida, savdosida omonatdor kishiga talpinadi, u bilan oldi-berdi qilishga intiladi. Uni boshqalardan ustun qo‘yadi. Shuning uchun ham Shuayb (a. s.)ning qizi Muso (a. s.)ning kuch-quvvati va omonatdorligini ko‘rib otasiga aytadi: “Ey ota, uni (ishga) yollagin! Zero, sen yollaydigan (bu) yaxshi kishi kuchli va ishonchli kishidir” (Qasas, 26). 

18-kalit. Husni xulq. Bu yashirib bo‘lmaydigan haqiqat, odamlar ko‘ngli chiroyli axloqli odamga chopadi, badxulqdan esa hamma qochadi. 

19-kalit. Zaiflarga yaxshilik qilish. Sa'd ibn Abu Vaqqos (r. a.) o‘zini boshqalardan afzal deb bilardi. Shunda Rasululloh (s. a. v.) dedilar: “Sizlar zaiflaringiz sharofatidangina g‘alaba qozonasiz va rizqlantirilasiz”. 

20-kalit. Alloh yo‘lida nafaqa qilish. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba', 39). 

Ushbu oyatdagi ehsondan murod faqirlarga nafaqa qilishdir. 

21-kalit. Alloh ato etgan ne'matlariga yaxshi munosabatda bo‘lish. Oysha (r. a.)dan rivoyat qilinadi: “Bir kuni Rasululloh (s. a. v.) mening oldimga kirdilar. Shunda ko‘zlari to‘kilgan urvoqlarga tushib qolib, darhol ularni terib oldilar. So‘ngra dedilar: “Ey Oysha, Allohning ne'matlariga yaxshi munosabatda bo‘l, zero, kamdan-kam hollarda (ne'matlarga bepisand bo‘lgan) xonadonlarga ne'matlar qayta beriladi” (Ibn Moja). 

Ibrohim Usmonov tayyorladi.

Manba: www.irfon.uz 

Top