Rossiyaning Krasnoyarsk shahridagi tumanlardan birining tergov bo'limi tomonidan 2013 yilda tug'ilgan, qirg'izistonlik 3 yoshli bola hatna qilingandan keyin o'limi yuzasidan jinoiy ish qo'zg'atildi. Bu haqda Qirg'iziston ichki ishlar vazirligida ma`lum qilindi. 

Hatna qilish Sharq xalqlari hamda islom va iudaizm dinlariga xosdir. Olimlarning fikricha, hatna qilish OIV bilan kasallanish xatarini 60 foizga kamaytiradi. Biroq oxirgi vaqtlarda, turli davlatlarda bu muolajani taqiqlash tendensiyasi kuzatilmoqda.

Rossiya OAV ma`lumotlariga ko'ra, bolakayning 31 yoshli onasi tanish jarrohi bilan o'g'lini hatna qildirishga kelishib olgan. Operatsiyani uyda o'tkazishga kelishilgan.   

"Operatsiya oldidan shifokor bolaga og'riqsizlantiruvchi ukol qilgan, so'ngra jarrohlik harakatlarini amalga oshirgan. Shundan keyin bolaning ahvoli og'irlashgan. Ona farzandiga mustaqil ravishda tibbiy yordam ko'rsatishga harakat qilgan, biroq bola vafot etgan", deyiladi xabarda.

Bolaning o'limi sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Tergov ishlari davom etmoqda.

Ma`lum qilinishicha, bolaning ota-onasi asli qirg'izistonlik bo'lib, Rossiya fuqaroligiga ega bo'lganlar.