Termiz Davlat universitetida shartnoma asosida o'qiydigan talabalarning aksariyatiga to'lovi amalga oshmagani haqida aytishdi. Hatto o'qishni bitirib ketib, tashkilotlarda ishlayotganlarning ortidan ham shartnoma puli to'lanmaganligi haqidagi qog'oz bordi. Hamma hayratda. Bir qo'lida shartnoma pulini to'laganligi haqida berilgan ma`lumotnoma, yana bir qo'lida esa to'lovni amalga oshirmaganligi uchun zudlik bilan to'lashi haqidagi talabnoma.

“Huquq” gazetasining yozishicha, bu ish huquq-tartibot idoralari tomonidan o'rganib chiqildi. Voqea quyidagidek bo'lgan ekan. Termiz Davlat universitetida to'lov-kontrakt hisobchisi bo'lib ishlagan Muxtor Xursanov ukalari Muzaffar va Mansur Xursanovlar, universitetning bosh hisobchisi Salohiddin Boltayev va talaba Mansur Musayevlar bilan o'zaro til biriktirgan holda tekin pul topishni maqsad qilib, reja o'ylab topadi. Uzoqqa borib yurishning hojati yo'q. Buning uchun shartnoma asosida tahsil oluvchilarning soddalarini qarmoqqa tushirishning o'zi kifoya.

Shunday qilib, mavsum kelgach, “ov”ni ham boshlab yuborishdi. Muxtor Xursanovning ukalari Muzaffar va Mansur hamda 4-bosqich talabasi Mansur Musayev naqd pul to'lovchi talabalarni topib, ularga “xo'rak” tashlashadi. Naqd pulni 15-20 foiz chegirma evaziga pul ko'chirish yo'li bilan universitet hisobiga to'liq o'tkazib berishni va`da qilishadi. Bu sodda to'lovchilarga yoqib tushadi. Yaxshi-da, ovora bo'lib yurishmaydi. Kimsan, bu ishni to'lovni nazorat qiluvchi hisobchilarning o'zi bajarar ekan.

Fursatni qo'ldan bermagan jinoiy guruhning “ov”i baroridan keldi. Ular 2014 yil sentabr oyidan 2015 yilning mayiga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida 333 nafar sodda to'lovchini tuzoqqa tushirishdi. Natijada 780 mln. 776 ming so'm miqdorida shartnoma to'lovlarini to'landi, deb soxtalashtirishgan erishishdi. Universitet bosh hisobchisi Salohiddin Boltayevning xizmat kompyuteridan foydalangan holda shartnoma to'lovlarini to'lagan talabalarning elektron ro'yxatiga o'zlari tomonidan pullari o'zlashtirilgan talabalarning nomlari ham tirkab qo'yildi. Shu tariqa ularning to'lovni amalga oshirganliklari xususida soxta orderlar tuzilib, universitet marketing bo'limiga taqdim etildi. Talabalarning qo'liga ham to'lovdan ko'nglini to'q qiladigan ma`lumotnoma tegdi.

Endi “ovchi”lar qo'lga kiritgan mablag'larini nimalarga sarf qilganiga qiziqib ko'rsak. Aslida-ku, bu juda ham qiziq emas, ammo ularga nisbatan nafratimizni ziyoda qiladi.

Pulning 100 mln. so'miga 106 bosh mayda va katta chorva mollari sotib olinib, biroz fursatdan so'ng ular 150 mln. so'mga sotiladi va 50 mln. so'm daromad qilinadi. Qolgan pullar ham shu kabi sarf-xarajatlar uchun ishlatiladi. Shu tariqa ular uy, mashina kabi oddiy odamlar zahmatli mehnati ortidan topadigan moddiy boyliklarga hech qanday mashaqqatsiz ega bo'lishadi.

Hech zamonda qing'ir ishning qiyig'i ko'rinmay qolmagan. O'zi xon, ko'lankasi maydon bo'lgan “azamat”larning ham yolg'oni yuzaga chiqdi. Viloyat nazorat taftish boshqarmasining tekshiruvlari asosida yuqorida keltirilganidek 780 mln. 776 ming so'm miqdoridagi shartnoma to'lovlari kamomadi mavjudligi aniqlandi.

Sudda mazkur jinoiy guruhning qilmishlari ko'rib chiqildi. Ularga qonunlarimizda belgilangan tartibda jazo tayinlandi.