Toshkent hokimiyatida 6 yanvar kuni aliment to'lamaslik muammosiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

O'tgan yilning 1 dekabri ma`lumotiga ko'ra, O'zbekiston poytaxtida sud ijrochilari bo'limlari ish yurituvida 21,904ta aliment undiruvi bilan bog'liq ijro hujjatlari mavjud bo'lib, shundan 9307tasi yoki 42 foizi keyingi 2 yil davomida qo'shilgan.

O'zbekiston Respublikasi bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali o'tgan yilning sentabr oyidan boshlab 3 oy muddat ichida Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta`minlash departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga kelib tushgan jami 1524ta murojaatdan 688tasi (45,1 foiz) davriy aliment qarzdorliklar bilan bog'liq masalalarni tashkil qilgan.

21 dekabr kuni Toshkent shahar hokimligi, Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnik jihatidan va moliyaviy ta`minlash departamenti Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar bo'limi va Mehnat bosh boshqarmalarining aliment to'lovlariga oid ijro hujjatlari ijrosini muddatida to'liq va sifatli bajarilishi bo'yicha hamkorligini yanada oshirish, shuningdek, bu borada idoralararo nazorat hamda axborot almashinuvining samarali tizimini joriy etish maqsadida qo'shma qaror qabul qilingan. U «Toshkent shahrida ota-ona hamda bolalarning mulkiy huquq va majburiyatlari bo'yicha davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida» deb nomlangan.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, endilikda alimentlarni undirish ishlari nafaqat sud ijrochilari, balki boshqa davlat organlari va jamoat tashkilotlari, jumladan, uchastka militsiya nozirlari, mahalla qo'mitalari vakillari va ish bilan ta`minlash bo'limlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

«Gazeta.uz» xabariga ko'ra, aliment to'lash bo'yicha qarzi bo'lgan ishsiz fuqarolar qonuniy tartibda ishga jalb qilinadi. Mehnat boshqarmasi mahallalar, ichki ishlar organlari va sud ijrochilari bilan birgalikda qarzdorga monitoring asosida vakansiyalarni taklif etadi. Rad etilgan taqdirda, sud ijrochilariga ular ishini jinoiy sudlarga topshirish huquqi berildi.

Bo'lg'usi sud ishlarining oldini olish uchun sudlarga ajrashuv to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqishda bir vaqtning o'zida mol-mulkni bo'lib olish, bolalar ta`minoti, alimentlarni to'lash va farzandlarning u yoki bu ota-ona bilan yashashi masalalarini ham ko'rib chiqish taklif qilindi. Nikoh shartnomalarini majburiy ravishda joriy etish imkoniyatlari ham ko'rib chiqilmoqda.

Alimentlarning to'lanmasligiga qarshi kurash bo'yicha taklif etilayotgan choralar qatoridan qarzdorlar va ularning oila a`zolari bilan tushuntirish ishlari olib borish ham ko'zda tutilmoqda. Qarzdorlar, avvalgidek, chet elga chiqish imkoniyatidan vaqtincha mahrum etiladi.

Tadbirda taqdim etilgan ma`lumotlarga ko'ra, Toshkentdagi mahallalarning psixologlar va huquqshunoslar jalb qilingan yarashtiruv komissiyalari faoliyati samarasi o'laroq 1361 bola tarbiyalanayotgan 1012 oilaning ajralib ketishi oldi olindi.