AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp Rossiya unga bo'lgan bosim dastaklaridan foydalangani haqidagi ayblovlarni rad etdi. Bu haqda u o'zining Twitter’dagi sahifasida chorshanba, 11 yanvar kuni yozgan.

"Mening Rossiya bilan hech qanday aloqam yo'q – hech qanday bitimlar, kreditlar, hech narsa!" – qo'shimcha qildi siyosatchi.

CNN telekanali 10 yanvar kuni AQShdagi saylovlarga Moskvaning go'yoki aralashuvi haqidagi hisobotning maxfiy qismida qanday ma`lumotlar bo'lganini oshkor qildi. Unda go'yoki rus razvedkasi respublikachi Tramp va uning davlat rahbarligi lavozimi uchun asosiy raqobatchisi bo'lgan demokrat Hillari Klintonning obro'sini tushiruvchi ma`lumot yiqqani iddao etiladi. Biroq oshkor etilgan axborotda faqatgina Klinton xonim haqida so'z yuritilgan.

Shu bilan bir qatorda, saylangan prezident ishonchli vakillari butun saylovoldi kampaniyasi vaqtida rus hukumati bilan bog'liq bo'lgan kishilar yordamida aloqaga chiqishgani ham aytilgan. Shuningdek, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Trampni, uning Moskvaga 2013 yilda tashrif buyurgan chog'ida yig'ilgan ma`lumotlar bilan shantaj qilgani haqida so'z yuritilgan.

CNN ma`lumotlariga ko'ra, hisobotga sobiq britaniyalik agentning hisobotlari asos qilib olingan. U keyinchalik Amerikaning BuzzFeed manbasida chop etildi. Shu bilan birga, shundan so'ng ushbu materiallar – ommabop imijboardi 4chan mashhur prankerlaridan birining trollingi ekani ma`lum bo'ldi. “Hisobot” muallifi bu haqda anonim forumda o'zi xabar qilgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov, o'z navbatida, Moskva Tramp va Klintonning obro'sini tushiruvchi ma`lumot yiqqani haqidagi xabarni “bema`ni” deb atadi. U bunday xabarlarni pulp fiction (tuturiqsiz matbuot – tah.) janriga qiyoslagan va ularga hazil bilan munosabatda bo'lishga chaqirdi.