O'zbekistondagi qator vazirliklar maktablardagi “metallolom solig'i” haqidagi ma`lumotni asossiz deb topdi

O'zbekiston 11 Yanvar 2017 35588

Kun.uz saytida 2017 yilning 3 yanvar kuni taniqli bloger va jurnalist Sanjar Said tomonidan yozilgan maqola e`lon qilingan edi.

Unda jurnalist o'zi istiqomat qilayotgan Jizzax viloyati maktablarida norasmiy ravishda "metallolom solig'i" joriy etilgani haqida so'z yuritadi.

Maqolada aytilishicha, Arnasoy tumanida bolalarga 30 kilodan metallolom olib kelishni aytishgan. Temir-tersaklar allaqachon tugagani sababli o'rniga 18 ming so'mlik pul yig'ishlar boshlangan. 

Jurnalist: “Ta`lim sifati haminqadar bo'lib, farzandlarni zamonaviy vositalardan chalg'itib, o'qish, ta`lim olishga jalb qilish kundan kunga qiyinlashib borayotgan bir paytda metallolom, makulatura, obuna va yana boshqa “soliq”, majburiy-ixtiyoriy to'lovlar bilan bolalarni maktabdan bezdirish kimning xayoliga kelgan ish?”, deb yozadi.

Kun.uz tahririyati O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga ushbu masala borasida rasmiy izoh so'rab murojaat qilgandi. Vazirlikdan esa tegishli javob xati tezkorlik bilan yetib keldi.

Maktubda “ayrim axborot manbalarida O'zbekiston yoshlarini bilim olishi va mehnat qilishiga doir jarayonlar bo'yicha ayrim asoslanmagan ma`lumotlarni paydo bo'lish holatlari kuzatilmoqda”, deyiladi.

“Shu kabi axborotlardan biri, ya`ni «Nahotki O'zbekiston byudjyeti bolalarning temir-tersagiga qarab qolgan bo'lsa?!» deb nomlangan maqola 2017 yil 3 yanvar kuni «KUN.UZ» internet saytida chop etilganligi kuzatildi”, deyiladi xatda.

Ushbu maqolada keltirilgan holatlarni haqqoniyligi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 2017 yil 5 yanvar kuni Xalq ta`limi, Oliy va o'rta-maxsus ta`lim vazirliklari hamda Jizzax viloyati hokimligiga yo'llangan tezkor talablari bo'yicha Xalq ta`limi vazirligidan 2017 yil 9 yanvarda 03-02/1-5-226-sonli xat orqali olingan ma`lumotga ko'ra, Jizzax viloyati va Arnasoy tumani xalq ta`limi muassasalari, shuningdek, umumiy o'rta ta`lim maktablari rahbarlari tomonidan o'quvchilarga metallolom, makalatura to'plash va shunga o'xshash masalalarda topshiriq (ko'rsatma) berilmaganligi ma`lum bo'ldi.

Shuningdek, O'zbekiston Xalq ta`limi vazirligining O'zbekiston Mehnat vazirligiga yo'llagan xatida “Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalariga muvofiq vazirlik tomonidan maktab o'quvchilarini majburiy va og'ir mehnat turlariga jalb etmaslik bo'yicha qat`iy topshiriq berilgan bo'lib, o'quvchilarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida fan va sport to'garaklari, maktabdan tashqari muassasalari doimiy faoliyati tashkil etilgan”, deyiladi. 

Shuni ta`kidlab o'tish joizki, Xalqaro Mehnat Tashkilotining O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari talablari asosida O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish holatlarini oldini olishga qaratilgan targ'ibot-tashviqot ishlari jarayonida mulkchilik shaklidan qat`i nazar barcha tashkilot, muassasa va korxonalar rahbarlariga bu borada qonunbuzilishiga yo'l qo'ygan har qanday aybdor shaxsga nisbatan mehnat va prokuratura organlari vakolati doirasida ma`muriy va jinoiy javobgarlik choralari ko'rilishi haqida tushuntirishlar berilgan hamda shunga oid bukletlar, flayerlar tarqatilib, aholi gavjum joylarda banner va plakatlar ham osilgan.

Vazirlik yuqoridagilarga asoslangan holda hamda internet tarmog'ida va boshqa manbaalarda turli xildagi asoslantirilmagan axborotlarni tarqatilishini oldini olish maqsadida bu kabi ma`lumotlarni dastlab haqqoniyligini ko'rib chiqish hamda vazirlikning www.mehnat.uz va www.fbm.uz sayti imkoniyatlaridan kengroq foydalanish bo'yicha vakolatli organ sifatida Mehnat vazirligi bilan o'zaro hamkorlikda ish olib borilishini tavsiya etdi.

Ma`lumki, mustaqillik yillarida yoshlarni, ayniqsa maktab, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari o'quvchilarini chuqur bilim olishlari, Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalanishlari, ma`naviy sog'lom va barkamol avlod bo'lib yetishishlari uchun barcha hududlarda katta imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlari fan, adabiyot, san`at, madaniyat va sport sohalaridagi yuksak natijalari bilan dunyo miqyosida ulkan muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar.

Shu bilan birga, respublikamizda yoshlarni majburiy mehnatga jalb qilish va bolalar mehnatidan foydalanishga yo'l qo'yilishini oldini olishga qaratilgan mustahkam normativ-huquqiy baza shakllantirilganligini alohida ta`kidlash lozim.

Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning O'zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan «Eng kichik yosh to'g'risida»gi 138-Konventsiyaning 3-moddasida o'z xususiyati yoki amalga oshiriladigan sharoitiga ko'ra o'smir sog'lig'i, xavfsizligi yoki ma`naviyatiga ziyon yetkazishi mumkin bo'lgan har qanday ish turiga yoki yollanma ish turiga qabul qilish uchun eng kichik yosh o'n sakkiz yoshdan kam bo'lmasligi kerakligi belgilangan.

Yuqorida qayd etilgan qonun hujjatlari talablarini buzilishiga yo'l qo'ygan shaxslarga nisbatan O'zbekiston Respublikasining O'zbekiston Respublikasining Ma`muriy Javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 49, 491, 51-moddalarida ma`muriy javobgarlik va Jinoyat kodeksining 135-moddasida jinoiy javobgarlik choralari ko'rilishi belgilangan.

Tahririyat nomidan shuni qo'shimcha qilishni istardik: O'zbekistonda bepul va majburiy o'rta ta`lim tizimi bor. Bu holat dunyoning ko'pgina davlatlarida yo'q. 

Ammo, guruch kurmaksiz bo'lmaydi, degan gaplar ham bor. Hurmatli o'quvchilarimizdan shuni so'rab qolgan bo'lardik – bunday noqonuniy xatti-harakatlar amalga oshishiga guvoh bo'lsangiz yoki sizdan pul yoxud boshqa narsa talab qilishsa, bu haqda darhol tegishli idoralarga murojaat qiling. Xususan, O'zbekiston Mehnat vazirligi va Xalq ta`limi vazirligi Virtual qabulxonasiga ham bunday holatlar bilan bog'liq shikoyatlaringizni yuborishingiz mumkin. 

Shuni yaxshi bilish lozimki – bunday narsalar majburiy emas va aslida yo'qdir. O'z huquqlaringizni buzishlariga yo'l qo'ymang. Buning uchun darrov pul uzatishga shoshilmasdan, avvalo, o'ylab ko'ring – bu ish qonun doirasida amalga oshirilyaptimi yoki yo'q. Agar shubhali biror-bir jihatiga e`tiboringiz tushsa, darrov tegishli tashkilotlarga murojaat qiling. Qonun ustuvorligi ta`minlangan har bir jabhada, albatta, adolat qaror topadi

Ko'proq yangiliklar: