BMT Mo'sulda jarohat olganlarning yarmi – tinch aholi ekanini xabar qildi

Jahon 12 Yanvar 2017 7008
© EPA/AHMED JALIL

Mo'suldagi harbiy harakatlar oqibatida jarohat olganlarning deyarli yarmi tinch aholi vakillaridan iborat. U yerda Iroq xavfsizlik kuchlari AQSh rahbarligidagi koalitsiya ko'magida IShID terrorchilik guruhi jangarilariga qarshi amaliyot o'tkazmoqda. Bu haqda BMTning Iroqdagi gumanitar masalalar bo'yicha muvofiqlashtiruvchisi Liz Grande Nyu-Yorkda xabar qildi.

Uning so'zlariga ko'ra, amaliyot boshlangandan beri o'qotar quroldan yaralanganlar soni “oddiy fuqarolarning 47 foizini tashkil etadi”. “Bunday qarama-qarshiliklarda tinch aholi vakillaridan jarohat olganlar soni odatda 15-20 foizga teng bo'ladi; Mo'suldagi esa qurbonlarning yarmi oddiy insonlar bo'lganini ko'rishimiz mumkin”, - xabar berdi u Iroqdan videoaloqa orqali chiqish qilib. BMTning gumanitar masalalar bo'yicha muvofiqlashtiruvchi boshqarmasi ma`lumotlariga ko'ra, Mo'sulning sharqiy qismida yanvarning birinchi haftasidayoq 683 kishi Erbil va Dahukadagi kasalxonalarga olib ketilgan. Shu bilan bir qatorda, dekabrning so'nggi haftasida jarohat olganlar soni 817 kishini tashkil qildi.

Grande Mo'sul aholisi katta xavf ostida qolganini aytdi. Bu iroqlik harbiylar tomonidan tegishli choralar ko'rilayotganiga qaramay yuz bermoqda. Uning so'zlariga ko'ra, harbiy kuchlar tumanning aholi gavjum joylariga aviazarbalar bermay, shahar fuqarolaridan uylarda qolishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, kishilarni harbiy harakatlar zonasidan xavfsiz olib chiqish bo'yicha yo'laklarni tashkil qilmoqda.

BMT vakilining fikricha, Mo'suldagi tinch aholining aksariyat qismi o'limiga IShID jangarilari javobgar. Ular kishilardan “tirik qalqon” sifatida foydalanmoqda. “Ular shaharni tark etishmoqchi bo'lishsa, oziq-ovqat olishmoqchi bo'lishsa - o't ochishmoqda”, - dedi u. Uning ma`lumotlariga ko'ra, Mo'sulning terrorchilar tomonidan to'liq nazorat ostida bo'lgan g'arbiy qismida 750 ming kishi bor. Yana 450 ming inson shaharning sharqiy hududlarida joylashgan.

Grande G'arbiy Mo'sul hukumat kuchlari tomonidan to'sib qo'yilishidan xavotirda. “Biz bu aniq ro'y berishi borasida ma`lumotlarga ega emasmiz, biroq ushbu holat yuz berishidan xavotirdamiz. 750 ming kishini to'sib qo'yish dahshatli fojialarga olib keladi”, - deya ogohlantirdi u. Uning so'zlariga ko'ra, BMT buni hisobga olgan holda shaharga ko'proq gumanitar yordam kiritishga harakat qilmoqda. Bu halokatning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Ma`lumot uchun, Iroqning kattaligi bo'yicha ikkinchi shahri hisoblangan Mo'sul ikki yildan ortiq vaqt davomida IShID nazorati saqlanib turibdi. Uni ozod qilish bo'yicha yer usti amaliyoti 2016 yilning 17 oktabr kuni boshlangan bo'lib, unda hukumat kuchlari, shialar ko'ngillilari va “peshmerga” kurd tuzilmalari ishtirok etmoqda. Ularning Iroq harbiy havo kuchlari va AQSh boshchiligidagi koalitsiya aviatsiyasi qo'llab-quvvatlamoqda. BMT ma`lumotlariga ko'ra, amaliyot oqibatida deyarli 140 ming iroqlik o'z uyini tashlab chiqib ketishga majbur bo'lgan.
 

Ko'proq yangiliklar: