18:19 / 12.01.2017
8806

Davlat turizm qo‘mitasi mehmonxona biznesi vakillari uchun majlis o‘tkazdi

10 yanvar kuni "O‘zbekiston" mehmonxonasining anjumanlar zalida davlat organlari vakillari, Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarining turizm sohasidagi mehmonxona xizmatlarini taqdim etuvchi tadbirkorlik sub'yektlari ishtirokida majlis bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi PF-4861-sonli "O‘zbekiston Respublikasi turizm sohasini tezkorlik bilan rivojlantirishni ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazildi. Shuningdek, Davlat turizm qo‘mitasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari aniqlab olindi: turizmni tezkorlik bilan rivojlantirish konsepsiyasini shakllantirish va amalga oshirishni ta'minlash, turizm sohasida yagona davlat siyosatini yuritish. 

Yig‘ilishda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Sharopov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, TIV o‘rinbosari D.Hakimov, Markaziy bank departamenti rahbar o‘rinbosari, respublika vazirlik va idoralar xodimlari, mehmonxona xizmatlarini taqdim etuvchi 150dan ortiq xususiy tadbirkorlik sub'yektlari vakillari va OAV qatnashdi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasining taqdimot materiallari va 2017-2021 yillar uchun aniq chora-tadbirlar dasturi taqdim etildi, shuningdek, turistik xizmatlarni litsenziyalash va sertifikatlashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar e'tiboriga mehmonxona xo‘jaligi hisobotini soddalashtirishga qaratilgan «Mehmonxona» zamonaviy axborot tizimi namoyish qilindi. 

Davlat turizm qo‘mitasi raisi A.Sharopov mamlakatning boshqa hududlaridagi tadbirkorlar uchun ham ana shunday tadbirlar tashkillashtirish tajribasini davom ettirishni taklif qildi. 

12-13 yanvar kunlari Buxoro va Samarqand shaharlarida Davlat turizm qo‘mitasi vakillari mamlakat rahbariyati tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq, O‘zbekiston turizm sanoatining tezkorlik bilan rivojlanishiga yo‘naltirilgan tadbirlar o‘tkazishga kelishib olishdi. 

Tadbirlarda nafaqat Buxoro va Samarqand, balki Jizzax hamda Navoiy viloyatlarining turistik kompaniyalari va mehmonxona biznesi vakillari ishtiroki ham ko‘zda tutilmoqda. 

Top