AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 11 yanvar kuni o'zining ilk katta matbuot anjumanini o'tkazgani haqida avval xabar qilgan edik. Mazkur anjumandan bir kun avval Amerikaning ayrim nashrlari Trampni obro'sizlantiruvchi ma`lumotlar mavjudligi haqida xabarlar tarqatgan edi. Xususan, CNN telekanali Amerika xizmatlari Rossiya ayg'oqchilari tomonidan Trampga nisbatan ma`lumotlar to'planganini gumon qilayotgani haqida ma`lum qilgandi. BuzzFeed portali esa, "razvedka hujjati" to'liq e`lon qilishga ham jur`at etdi. 

Shu bilan birga, tekshirilmagan va tasdiqlanmagan ma`lumotlarning oshkor qilinishi ko'plab jahon nashrlari tanqidiga uchradi. Saylangan prezidentning o'zi ham "adolatsiz OAV"ni keskin qoraladi. 

"Ular oqibatlariga tayyorgarlik ko'raverishi kerak, ular allaqachon tayyorlanishmoqda", — deya tahdid qilgan Tramp BuzzFeed portaliga matbuot-anjumanida. 

Shu bilan bir vaqtda, Amerikaning bo'lajak rahbari CNN jurnalistiga savol berishi uchun izn bermagan, aksincha telekanalni "Siz — soxta yangiliklarsiz!", deya ayblagan. 

Trampning so'zlariga ko'ra, agar ushbu xabarlar e`lon qilinishida maxsus xizmatlarning qo'li bo'lsa, bu ularning obro'siga putur yetkazadi. "Balki bu razvedkaning ishidir, ehtimol unday emasdir — kim biladi?" – deb qayd etgan respublikachi prezident.

Tramp, shuningdek, mazkur masala bo'yicha rasmiy Kreml pozitsiyasini hurmat qilishini uqdirdi. Moskva obro'sizlantiruvchi ma`lumotlar e`lon qilinishini “mutlaq asossiz xabar” ekanini ta`kidlab, Rossiya hech kimga nisbatan bunday ma`lumotlar to'plamasligini, balki global tinchlik va xavfsizlik maqsadida ishlashini qayd etgan edi.