20:46 / 12.01.2017
13911

Doston Hamdamov Rossiya chempionatiga ketishi mumkin

Foto: O‘FF matbuot xizmati

«Bunyodkor» klubi yarim himoyachisi, Osiyoning 2015 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlangan Doston Hamdamov faoliyatini Rossiya klubi safida davom ettirishi mumkin.

«Championat.asia» nashri xabariga ko‘ra, Grozniyning «Terek» klubi ushbu futbolchiga qiziqish bildirmoqda. Chechenistonliklar jamoasi ayni vaqtda Rossiya Premer-ligasida 17 tur uchrashuvlaridan keyin to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Jamoada tojikistonlik Rashid Rahimov bosh murabbiy.

Sardor Rashidov «Bunyodkor»ni tark etgach, uning o‘rnida aynan Dostonbek Hamdamov yetakchiga aylangandi.

Doston Hamdamovning «Bunyodkor» bilan shartnomasi bor, lekin bu shartnoma qancha muddatga tuzilgani, uning transferi uchun toshkentliklar jamoasi qancha mablag‘ so‘rashi ma'lum emas.

U O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi safida 2012 yil qit'a chempionligini qo‘lga kiritgan. U shuningdek 2015 yilda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham ishtirok etib, jamoa bilan chorak finalga qadar yetib borgan.

Mavzuga oid
Top