17:17 / 12.01.2017
46643

Xitoy o‘zi uchun qaysi davlat bilan munosabatlar eng muhim ekanini ma'lum qildi

Xitoy davlat kengashi AQSh bilan munosabatlarni muhimlik nuqtai nazaridan birinchi o‘ringa qo‘ydi, Rossiya esa ikkinchi pog‘ona bilan cheklandi. Bu haqda “Xitoyning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi strategik hamkorligiga oid siyosati” hujjatida aytilgan, deb xabar qilmoqda “Kommersant'”.

Kontseptsiya mualliflarining ta'kidlashicha, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar “2015 yildan buyon barqaror bo‘lib keldi va hattoki ba'zi bir jihatlarda rivojlandi”. Rossiya esa “eng yirik qo‘shni, strategik sherik va diplomatik ustuvor mamlakat” bo‘lib qolgan.

Xitoy munosabatlar muhimligi bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarga Hindiston va Yaponiyani qo‘ydi. Xabar qilinishicha, ular borasida “ancha neytral, biroq ijobiy tarzda” fikr bildirilgan.

Xitoy davlat kengashi tomonidan bunday hujjat tarixda ilk bor chiqarildi. Uning asosiy nizomi – tinch holda hayot kechirish prinsiplaridan iborat. Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlariga o‘zaro hamkorlikdagi iqtisodiy rivojlanish uchun kerakli sharoitlarni yaratish taklif etilmoqda. Shuningdek, Xitoy o‘zining barcha sheriklariga “sovuq urush” mentalitetidan voz kechish, bir-birining manfaatlarini hurmat qilishni” taklif qildi.

Top