20:04 / 12.01.2017
47195

MMA tarixidagi eng pastkash nokaut ro‘y bergan jangda jabrlanuvchi o‘zbekistonlik emasdi

Rossiyalik aralash janglar san'ati (MMA) vakili Ibragim Xalilov 10 yanvar kuni Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan WBK 22 turniri doirasidagi jangning 3-soniyasidayoq raqibiga kutilmaganda zarba berib, uni nokautga uchratdi. U raqibi bilan salomlashish vaqtida zarba bergandi.

Avvaliga Rossiyadagi nashrlar uning bu ayyorona harakatidan jabrlangan sportchi Baxtiyor Baratov O‘zbekiston vakili ekani haqida xabar tarqatdi. O‘zbekistondagi saytlar, jumladan, Kun.uz ham shu ma'lumotlarga asoslanib, xabar berdi. O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari esa bu hodisani qizg‘in muhokama qilishib, rossiyalik sportchini qoraladi hamda bu nokaut «MMA tarixidagi eng pastkash nokaut» deb nom oldi.

Rossiyalik taniqli sport sharhlovchisi Vasiliy Utkin ham bu voqeaga munosabat bildirgan va ushbu sport turiga tanqid yog‘dirgan.

«Qiziq, bu hayvonot bog‘i tomoshani sport deb atash qanchalar to‘g‘ri? Yoki mening tasavvurim ojizroqmi?», – deya yozgan Utkin o‘z tvitterida.

Endi ma'lum bo‘lishicha, Baratov aslida Tojikiston fuqarosi. U 2013 yilda MMA bo‘yicha Tojikiston chempioni bo‘lgan va hozirda Tojikiston MMA terma jamoasi a'zosi hisoblanadi.

Top