Nima uchun G'arb taomlari semizlikni keltirib chiqaradi?

Lifestyle 12 Yanvar 2017 9326
Фото: © Flickr

Gamburger, steyk va G'arb oshxonasining boshqa taomlari nima uchun insonlarning semirishiga olib kelishini bilasizmi? Ma`lum bo'lishicha, bunday parhez tananing energiya muvozanatini nazorat qiluvchi miya retseptorlariga marixuana kabi ta`sir ko'rsatadi. Physiology & Behavior jurnalida shu mavzudagi maqola chop etildi. 

"Tadqiqotimiz shuni ko'rsatadiki, periferik asab tizimidagi kannabinoid retseptorlari faoliyatiga bosim o'tkazish ko'p ovqat yeyish va semizlikni davolashda xavfsiz yondashuv hisoblanadi. Bizning yondashuvimiz miyaga ta`sir qilib, aks ta`sirlarni keltirib chiqaradigan, semizlikka qarshi an`anaviy dori-darmonlarga nisbatan ko'p ustunliklarga ega", - dedi Riversayddagi (AQSh) Kaliforniya universitetida faoliyat yurituvchi Nikolas di Patritsio. 

Di Patritsio va uning hamkasbi Donovan Argueta nima uchun Amerika va Yevropa taomlari ko'pincha semizlikka sabab bo'lishini aniqlashga muvaffaq bo'lishdi. Buning uchun ular ikki oy davomida ko'p miqdordagi qand va yog' bilan oziqlangan sichqonlar miyasi faoliyati va xatti-harakatlarini kuzatishdi. 

Kuzatuvlar natijasiga ko'ra, bunday parhezga rioya qilish kemiruvchilarda nafaqat semizlikning rivojlanishiga olib keldi, balki noodatiy hodisa - giperfagiya yoki ko'p yeyishning kuzatilishiga ham sabab bo'ldi. Di Patritsioning so'zlariga ko'ra, ovqatlanishga bunday talpinish sichqonlarning ichagi va qonida endokannabinoidlar konsentratsiyasining keskin o'sishiga olib kelgan. 

Endokannabinoidlar marixuana tarkibidagi moddalar analogidir. Organizmimiz ularni o'z maqsadlari uchun kichik miqdorda sintezlaydi. Inson ichagida bunday molekulalar ta`sir qiluvchi ko'p miqdordagi asab hujayralari mavjud bo'ladi. Uch yil avval olimlar "o'tsevar"larda yuzaga keluvchi tushuntirib bo'lmaydigan ovqat yeyish ishtiyoqi TGK-9 (marixuananing faol moddasi)ning shu retseptorlarga ta`siri ostida paydo bo'lishini aniqlashgandi.

Ma`lum qilinishicha, G'arbning gamburger, steyk va shu kabi boshqa yog'li yoki shirin yeguliklari organizmni katta miqdordagi endokannabinoid ishlab chiqishga majbur qilib, shunga o'xshash ta`sir ko'rsatadi. 

Olimlar ushbu retseptorlarni TGK-9 molekulalariga ichakdagi asab hujayralariga o'rnashishga halaqit beruvchi AM6545 dorisi yordamida bloklashganida sichqonlarning "karnay" ishtahasi keskin yo'qolgan. Bu, biologlarning so'zlariga ko'ra, bunday preparatlarni semizlikka qarshi  kurashishda qo'llash mumkinligidan dalolat beradi. Shunisi quvonarliki, yangi dori vositalari avvalgi, miya faoliyatiga ta`sir qiluvchi preparatlar kabi aks ta`sirga ega emas.

Yaqin orada Di Patritsio va Argueta G'arb parhezining aynan qaysi komponentlari organizmni ko'p miqdordagi endokannabinoid ishlab chiqarishga majbur qilishini  aniqlash va bu reaksiyani boshqaruvchi genlarni topishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'yishdi. 

Ko'proq yangiliklar: