19:45 / 12.01.2017
14283

Sifatiga kim kafil?

Respublikamizda aholini sifatli, xavfsiz va arzon dori-darmon vositalari bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Shunga qaramay, sifati kafolatlanmagan, tashish va saqlash qoidalarigi rioya qilinmagan dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlarini bojxona nazoratidan yashirincha olib kirishga urinib, inson uchun eng aziz ne'mat – sihat-salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirayotgan shaxslar ham uchrab turibdi.

Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda dori-darmon vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi chora-tadbirlar muntazam olib borilmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, o‘tgan 2016 yilda viloyatda mazkur yo‘nalishda 17 ta qonunbuzarlik holatlari fosh qilingan bo‘lib, natijada qiymati 600 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan salkam 9,2 ming dona dori-darmon vositalarining noqouniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. Mazkur holatlarning 4 tasi bo‘yicha jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan.

Jumladan, Samarqand xalqaro aeroportida “Moskva-Samarqand” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan Sh.To‘xtayevning (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxonachilarning og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan qiymati 300 mln. so‘mlik 31 turdagi salkam 4 ming dona dori vositalarini bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tishga uringani aniqlandi.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, ushbu shaxsdan olib qo‘yilgan dori vositalarining 18 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmagan, 13 turdagisi esa mavjud normativ talablarga javob bermaydi. Shu boisdan ushbu mahsulotlar o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2009 yil 15 iyuldagi 200-sonli qaroriga muvofiq,  huquqbuzarlik ashyosi tariqasida olingan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan etil spirti, tamaki va alkogolli mahsulotlar, dorivor vositalar va tibbiyot buyumlari, oziq-ovqatga biologik aktiv qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, ekspertiza xulosasiga ko‘ra yaroqsiz deb topilgan tovarlar yo‘q qilinadi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati

Top