O'zbekistonlik yosh olimlar Lill universitetida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiladi

Jamiyat 12 Yanvar 2017 6618

Fransiyaning Lill 1 universitetida o'zbekistonlik yosh olimlarning doktorlik dissertatsiyalarini himoyasi kunlari belgilandi

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining xalqaro loyihalari doirasida Fransiyaning Lill 1 Ilm va fan texnologiyalar Universitetida ilmiy tadqiqotlar bilan shug'ullanayotgan  2 nafar yosh olim:  Shamshod Akmalovning professor Olive Blanpain (Olivier Blanpain), Erik Masson (Eric Masson) va professor O.Arifjonov rahbarliklarida bajarilgan “Geoinformatsion tizimlar va ob`yektlarni masofadan kuzatish dasturlari yordamida integrallashgan suv resurslari boshqaruvini tashkil etish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasining himoyasi 2017 yilning 2 fevralida hamda G'ulomjon Bekmirzayevning professor Bag'dod Uddan (Baghdad Ouddane) va professor M.Hamidov rahbarliklarida bajarilgan “Sho'rlangan tuproqlar va suv tanqisligining sabzavot o'simliklarining rivojlanishiga, mineral tarkibiga, fotosintez jarayoni va suv iste`moliga ta`siri” mavzusidagi dissertatsiya ishining himoyasi 2017 yilning 17 fevralida Fransiyaning Lill 1 Universitetida o'tkazilishi belgilandi. 

Fransiyaning Lill  universiteti laboratoriyasida

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar, jumladan, Yevropa Ittifoqining Erazmus Mundus va Erazmus+  grantlari hisobidan bir qator yosh o'qituvchilarni Yevropaning yetakchi universitetlarida ilmiy–tadqiqotlar olib borishlariga va doktoranturalarda o'qishlariga hamda bu universitetlarning taniqli professorlari bilan hamkorlikda dissertatsiyalarga rahbarlik qilishga katta e`tibor berib kelinmoqda. Uning natijasida institutning yosh izlanuvchilaridan B.Po'latov (Shvetsiyaning Lund universitetida), Q.Nurmetov (Slovakiyaning Nitra universitetida), A.Xamidov (Germaniyaning Gumboldt nomli Berlin Universitetida) doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildilar.

Institutda ilmiy salohiyatni oshirish, kelajak uchun oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish maqsadida 2013-2014 o'quv yilida institutning “Oliy malakali ilmiy va ilmiy - pedagogik kadrlar tayyorlash dasturi va uni amalga oshirish mexanizmi” ishlab chiqilib, institut Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlandi. Ushbu dasturning maqsadi - yaqin yillarda ilmiy salohiyatini saqlab qolish, oshirish va institutdagi mavjud ilmiy maktablar ishini rivojlantirish, xalqaro ilmiy loyihalarni ko'paytirish orqali rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlarida fan doktorlari tayyorlash tizimini yaratish va amalga oshirishga qaratilgan. 45 yoshgacha bo'lgan yosh o'qituvchilarning yillik ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug'ullanishlarining shaxsiy ish rejalari tuzdirilib, ularni bajarilish monitoringi o'rnatildi va tegishli sharoitlar yaratib berildi. Natijada 2015 yilda institutning 5 nafar, 2016 yilda 4 nafar  o'qituvchisi o'zlarining doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi va ularga O'zbekiston Respublikasi OAK tomonidan fan doktori ilmiy darajasi berildi. 2017 yilda o'z dissertatsiya ishlarini yakunlagan va dastlabki muhokamadan o'tkazilgan 11 nafar o'qituvchining dissertatsiya ishlarini himoyasi rejalashtirilgan.

Dasturning bajarilishi doimiy nazoratda ekanligi institutning ilmiy ishlar bo'yicha prorektori prof. T. Sultonov tomonidan e`tirof etildi.

Ko'proq yangiliklar: