Venesuela oliy sudi parlamentning bir qator qarorlarini bekor qildi

Jahon 12 Yanvar 2017 3041
Фото: © РИА Новости

Venesuela oliy sudi mamlakat milliy assambleyasi (parlament) tomonidan qabul qilingan bir qator qarorlarni haqiqiy emas deb topdi. Oliy sudning chorshanba kuni tarqatilgan bayonotida aytilishicha, bu qonun chiqaruvchi organning prezident Nikolas Maduroni “davlat rahbari lavozimini tark etgan” deb hisoblash haqidagi qaroriga ham tegishli.

Unda parlament a`zolari “qonun chiqaruvchi organ faoliyati to'g'risidagi mamlakat konstitutsiyasi bilan o'rnatilgan nizomga nisbatan hurmatsizlik ko'rsatishda davom etayotganliklari” hamda ular tomonidan qabul qilingan qarorlar “haqiqiy emas deb topilishi” aytildi. Shu bois, Maduroga assambleya oldida hukumat faoliyatiga oid yillik hisobot bilan chiqish qilmaslik, uni oliy sud a`zolariga ko'rib chiqish uchun taqdim etish imkoni berildi. 

Oliy sud konstitutsiyaga hurmatsizlik qilgan deputatlarga “bunday harakatlarini darhol to'xtatishlari va o'z faoliyatini mamlakatning asosiy qonuniga muvofiq holda davom ettirishlari” lozimligini ko'rsatdi.

Ma`lumot uchun, Venesuela parlamenti 9 yanvar kuni “mamlakat prezidentini davlat rahbari lavozimini tark etgan deb hisoblash” haqidagi qarorni qabul qildi va mamlakatda muddatdan avvalgi prezidentlik saylovlarini o'tkazishga chaqirdi. Oliy sud vakillari esa qonun chiqaruvchilarning bunday qarori mamlakat konstitutsiyasiga xilof ekanini ma`lum qildi. Avvalroq, Venesuela yetakchisi muxolif qonun chiqaruvchilarni parlament to'ntarishini amalga oshirishga urinishda ayblab, parlamentning ijro hokimiyati bilan o'zaro hamkorlikda ish olib borishdan bosh tortayotganini aytgandi.

Ko'proq yangiliklar: