10:17 / 13.01.2017
5160

Amazon va Washington Post egasi Barak Obama va Ivanka Trampga qo‘shni bo‘ldi

foto : EPA

Amazon kompaniyasi asoschisi va Washington Post gazetasi egasi milliarder Jyeff Bezos Amerika poytaxtidagi eng hashamatli uyni sotib oldi. Yuqoridagi gazetaning xabar berishicha, u maydoni 2500 kvadrat metr keluvchi ikkita qo‘shni binoni xarid qilgan. Endilikda ko‘chmas mulk bitta oilaga mo‘ljallangan uyga aylantiriladi.

Washington Post ma'lumotiga ko‘ra, kelishuv oktabr oxirida amalga oshirilgan bo‘lib, Bezos uning uchun 23 million dollar sarflagan.
Avvalroq ishbilarmon Vashington shtatining Sietl tumanidagi uyini tark etmasligi haqida ma'lum qilgandi. Endi esa nashr so‘zlariga ko‘ra, u poytaxtda "doimiy ravishda istiqomat qilib qolishi mumkin". 

Washington Post’ning eslatishicha, Bezosga Vashingtonning ushbu tumanida AQShning amaldagi prezidenti Barak Obama ham qo‘shni bo‘ladi. U Oq uydan ketgach, qizlari maktabdagi tahsilini tamomlagunga qadar shu tumandagi uylardan birini ijaraga olmoqchi. Shuningdek, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramning qizi Ivanka Tramp ham o‘z turmush o‘rtog‘i Jared Kushner bilan bu yerda yashamoqchi.

Ma'lumot uchun, Bezosning yangi uyi Vashingtondagi me'moriy obidalardan biri sanaladi. Uni Jyeffermon memorialini yaratgan taniqli arxitektor Jon Rassel Poup loyihalashtirgan.

Top