10:00 / 13.01.2017
7704

BMT oziq-ovqat narxlari besh yildan beri pasayib kelayotganini ma'lum qildi

foto: TACC

2016 yilda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi 1,5 foizga qisqardi va 2011 yilda boshlangan pasayishni davom ettirdi. Bu haqda BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti xabar qildi.

U oziq-ovqat narxlari indeksi tahlilini taqdim etgan. Unda beshta asosiy mahsulot guruhi – don mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari, sut mahsulotlari, go‘sht va shakar narxlarining o‘rtacha indeksi keltirildi.

"2016 yil yakunlariga ko‘ra indeksning o‘rtacha miqdori 161,6 punktni tashkil qildi, bu esa 2015 yil darajasidan 1,5 foizga past degani. Pasayish besh yildan beri kuzatilmoqda. 2016 yilda o‘simlik moylari va shakar narxining keskin oshishi don, go‘sht va sut mahsulotlari bozoridagi narxlarning tushishi bilan bir vaqtda ro‘y berdi. Natijada indeks 2015 yildagi o‘rtacha darajasidan past bo‘ldi", - deyiladi tashkilot saytida taqdim etilgan hisobotda.

Tashkilotda qayd etishlaricha, don mahsulotlari, birinchi navbatda bug‘doy narxining pasayishi “Avstraliya, Kanada va Rossiyadagi yuqori hosil” bilan bog‘liq. Don mahsulotlari narxi indeksining o‘rtacha darajasi 2016 yil yakuniga ko‘ra 147 punktni tashkil qildi, bu esa 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga past degani. 

Shuningdek, tashkilot shakar (34,2 foiz) va o‘simlik yog‘i (11,4 foiz) narxining keskin oshishiga ham e'tibor qaratdi. Bunga tropik mamlakatlardagi hosilning Al-Nino iqlim fenomeni oqibatida kamayishi sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, palma va soya yog‘iga bo‘lgan talabning ortishi ham bunga turtki bergan. Ular AQSh, Braziliya va Argentinada biodizel yoqilg‘isi sifatida ishlatib kelinmoqda.

2016 yilda sut mahsulotlari va go‘sht narxlari 4 va 7 foizga pasaygan. Tashkilot mol va parranda go‘shti narxining jiddiy tushishi, shuningdek, so‘nggi olti oyda sariyog‘ va quruq sut narxlarining tiklanishiga e'tibor qaratdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yangi yilda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqaror bo‘lmaydi. "Iqtisodiy holatning tushunarsizligi, xususan, valyuta kurslarining jiddiy o‘zgarishi bu yil oziq-ovqat bozoriga o‘ta keskin ta'sir ko‘rsatadi", - deya ma'lum qildi tashkilotning katta iqtisodchisi Abdulrizo Abassyan.

Ma'lumot uchun, BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining oziq-ovqat narxlari indeksi – bu bir oyda oziq-ovqat mahsulotlarining xalqaro narxlari o‘zgarishi ko‘rsatkichi bo‘lib, u besh guruhdagi mahsulotlarning o‘rtacha darajasi asosida tuziladi.

Top