18:34 / 13.01.2017
14602

Davlat bojxona qo‘mitasida bir guruh soha xodimlariga davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Davlat bojxona qo‘mitasi

Davlat bojxona qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25 yilligi munosabati bilan hamda 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita Markaziy apparati xodimlari, bojxona faxriylari Toshkent shahri va viloyati bojxona boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Milliy kinologiya markazi, Oliy harbiy bojxona institutidan vakillar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Davlat bojxona qo‘mitasi Raisi M.Tohiriy so‘zga chiqib, O‘zbekiston bugungi kunda professional tayyorgarlikka ega va yaxshi ta'minlangan, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatli, mamlakatimizning xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta'minlash bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalarni samarali ado etish, fuqarolarimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir bo‘lgan milliy armiyasiga ega ekanligini ta'kidladi.

Tadbirda o‘zining vazifalariga sidqidildan yondoshib, vijdonan xizmat qilishga, bojxona idoralari sha'nini oshirishga harakat qilayotgan xodimlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Respublikamizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida, bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini yanada oshirishda bojxona nazoratining zamonaviy mexanizmlari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, bojxona postlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kontrabanda va bojxona qonunlari buzilishiga qarshi kurashishni kuchaytirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bojxona postlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy axborot texnikalari va nazorat vositalari bilan jihozlash, xizmat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sidqidildan va vijdonan xizmat qilayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Har yili Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurt osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizning taqdirlanishi ezgu an'anaga aylangan. Bu yil ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvardagi “Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bir guruh xodimlar sharaflandi va ular orasida 4 nafar bojxonachilar ham bor.

Tizimda o‘rnak ko‘rsatib xizmat qilib kelayotgan 200 nafardan ortiq xodimlar esa “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari 25 yilligi” esdlik nishonlari bilan mukofotlandi. 

Tadbir davomida davlatimizning yuksak mukofotlari o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi. Shuningdek, xizmat faoliyatida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh soha xodimlari ham bayram munosabati bilan taqdirlandi.

Top