17:42 / 13.01.2017
5589

Hindistonda barcha o‘qituvchilardan maktab o‘quvchilari bilan selfi qilish talab etilmoqda

Hindistonda o‘qituvchilar sinfdagi barcha o‘quvchilar bilan dars boshlanishidan avval suratga tushishlari kerak. Bunday chora mamlakat ta'lim vazirligi tomonidan bolalarning maktabga qatnashini nazoratga olish maqsadida kiritildi. Bu haqda The Times of India xabar bergan.

Endilikda Hindiston davlat maktablarida o‘qituvchilar dars boshlanishidan avval barcha o‘quvchilar bilan selfi qilishmoqda. Olingan surat o‘quvchi haqiqatdan ham darsda bo‘lganini tasdiqlovchi o‘ziga xos hujjatga aylanadi. Shuningdek, mamlakatda “maktab selfisi” uchun maxsus ilova ham ishlab chiqildi. 

Ta'lim vazirligining ma'lum qilishicha, darsdagi bor bo‘lgan o‘quvchilar ishtirokidagi foto kelajakda oddiy jurnalning o‘rnini ham egallashi mumkin. Hozircha selfi-guvohnoma tajriba sifatida qo‘llanilmoqda va o‘qituvchilardan faqatgina dushanba kuni talab qilinmoqda.

Biroq, hozirning o‘zida ko‘plab pedagoglar va ta'lim maskanlari direktorlari nazorat qilishning bunday usuli samara bermasligini aytishdi. 

— Har bir sinfda deyarli 50-60 o‘quvchi, va bunday vaziyatda umumiy selfi qilish qiyin: kadrga hamma ham tushmaydi. Bundan tashqari, surat ham har doim tiniq chiqavermaydi, sababi hamma o‘qituvchilarda ham sifatli kameraga ega smartfon bor, deb bo‘lmaydi, — deya aytib o‘tdi Nagpur shahridagi maktablardan birining direktori.
 

Top