17:47 / 13.01.2017
11390

Suriyalik qochqinni chalib yiqitgan vengriyalik tasvirchi ayolga shartli qamoq jazosi tayinlandi

2015 yilning kuzida Serbiya bilan chegarada suriyalik muhojir Usama Muhsinni chalib yiqitgan vengriyalik jurnalist ayol Petra Laslo bu qilmishi uchun shartli ravishda uch yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda AFP agentligi xabar bermoqda. 

Sud qarorida ta'kidlashicha, N1 telekanali tasvirchisining xatti-harakati jamiyatda “katta tushunmovchilik va g‘azab”ni keltirib chiqardi. Sudya Laslo o‘zini himoya qilgan, deb iddao qilgan advokatlarning bayonotini rad etdi.

Internetda tarqalib ketgan videoda Laslo politsiyadan qochishga uringan, qo‘lida farzandi bo‘lgan suriyalik qochqinni chalib yiqitganini ko‘rish mumkin. Bu jamoatchilikda katta norozilikka sabab bo‘ldi. Tasvirchi bundan so‘ng yana bir erkakning iyagiga, kichik yoshli bolaning esa - tizzasiga qarab urgan.

Ushbu mojaroli videodan so‘ng jurnalist ayolni ishdan bo‘shatishdi. Taxminlarga ko‘ra, u shu tariqa yanada dramatik videoni tasvirga tushirmoqchi bo‘lgan. Voqea joyida bo‘lgan jurnalistlardan birining mobil telefoni orqali olingan yozuvda ayol kamerani to‘g‘ri qochqinga o‘girib, uning g‘azab to‘la baqirishini tasvirga tushirmoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ma'lumot uchun, Usama Muhsin keyinchalik Ispaniyadagi futbol maktablaridan birida murabbiy sifatida ishga qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top