11:53 / 14.01.2017
7075

Chili prezidentining kelini firibgarlikda ayblanmoqda

foto: Natalya Kompanon

Chili prokuraturasi mamlakat prezidenti Mishel Bacheletning keliniga firibgarlik bo‘yicha rasman ayblov e'lon qildi. Bu haqda 24 Horas telekanali xabar qilgan.

Prokuraturaning tergov olib borishiga tadbirkor Gonsalo Vialya Konchaning murojaati sabab bo‘lgan. U Natalya Kompanonga tegishli Caval kompaniyasidan Chili tog‘-kon sanoatiga oid tahliliy ma'lumot taqdim etishni so‘ragan. Tadbirkorning ta'kidlashicha, olingan xulosalar firma ekspertlari tomonidan tayyorlanmagan, aksincha internetdan ko‘chirilgan. Buning uchun tadbirkor kompaniyasi Caval firmasiga 1 mlrddan ortiq chili pesosi (1,5 mln dollarga yaqin) to‘lagan.

Ushbu ish bo‘yicha ayblov Kompanonning hamkori Maurisio Valeroga ham e'lon qilingan. Agar ular aybdor deb topilsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Ta'kidlanishicha, Bachelet kelini boshqa bir tergov ishida ham asosiy gumondor hisoblanadi. O‘tgan yili u soliq xizmatiga qalbaki hujjatlarni taqdim qilgani va Caval faoliyati bilan bog‘liq raqamlarni soxtalashtirgani ma'lum bo‘lgan edi. 

Chili prezidentining keliniga tegishli kompaniya 2015 yil fevralida Chili jamoatchiligi diqqat-eʼtiboriga tushib qolgandi. O‘shanda, muxolifat davlat rahbarining o‘g‘li Sebastyan Davalosni Caval uchun 10 mln dollarlik kredit olishda o‘z obro‘sidan foydalanishda ayblagan edi. Bu pullar Chili poytaxti Santyago shimolida yer maydoni xarid qilish uchun sarflangan. Birmuncha vaqt o‘tgach, ushbu ko‘chmas mulk 15 mln dollarga sotilgan. 

Bu kabi mojarolar prezident Bachelet reytingiga sezilarli salbiy ta'sir etdi. Uning faoliyatini, so‘nggi ijtimoiy so‘rovlarga ko‘ra, 22 foiz chililik qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Top