19:45 / 14.01.2017
9084

Dubay noyob gilamlar ko‘rgazmasida 545 mln dollarga teng mahsulotlar namoyish qilinmoqda

Foto: Russianemirates.com

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida noyob gilamlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. U Dubai Shopping Festival (DSF) doirasida tashkil etilgan. Ko‘rgazmaga keltirilgan fors gilamidan biri 5 mln dirham (1,4 mln dollar)ga baholangan bo‘lib, unga 4,2 kg oltin ishlatilgan. 

Dubay bojxonasi direktori Ahmad Mahbub Musabihning so‘zlariga ko‘ra, umuman, ko‘rgazmaga 200 ming dona noyob, qo‘lda to‘qilgan gilamlar olib kelingan, ularning umumiy narxi taxminan 2 mlrd dirham (545 mln dollar)ni tashkil etadi. Ko‘rgazmaning ilk haftasida jami qiymati 1,5mln dollarga yaqin 300 atrofida gilam sotilgan. 

Ko‘rgazmaning asosiy eksponati hisoblangan va yuqorida so‘z yuritilgan 6 metrga 10 metr o‘lchamdagi “Oltin gilam”ni to‘qish uchun 6 kishining 7 yarim yillik umri sarflangan. Heritage Carpet raisi o‘rinbosari doktor Afsxin Gxanbarinianing ta'kidlashicha, bir odam bu gilamga butun umrini sarflagan bo‘lar edi. 

Oltin gilam polotnosi 800 dan ortiq tusda jilolanadi va Forslar tarixi, xususan Safaviylar imperiyasiga doir lavhalarni aks ettiradi. 

Fors gilamlari asosan Eronda ishlab chiqariladi hamda dunyodagi kolleksiya to‘plovchilarning olmos singari eng qadrli buyumlaridan biri hisoblanadi. Bu kabi gilamlarni ishlab chiqarishga 10 yilga yaqin vaqt sarflanadi. 

Ko‘rgazmaga keltirilgan boshqa noyob gilamlar orasida 400 va 150 yillik ikkita Eron gilami ham bor edi. Bu ikkisining narxi 14 mln dollarga baholangan.

Carpet and Art Oasis deb nomlangan ko‘rgazma 15 yanvargacha Dubayning Butunjahon savdo markazida bo‘lib o‘tadi. 

 

Top