10:10 / 14.01.2017
66371

O‘rtaga tashlangan tanga: Shahrisabzning chiroq masalasi uning qaysi tomonida?

2017 yilning 8 yanvar kuni saytimizda “Chiroqsiz qolayotgan shahrisabzliklar yoxud ikki qo‘ldan chiqqan qars” deb nomlangan tahliliy maqola e'lon qilindi. Unda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammo ko‘tarilgan. Shu sabab bu masalaga yanada kengroq yondashishni maqsad qildik.

O‘zbekiston aholisini elektr ta'minoti bilan to‘liq ta'minlash bugunning asosiy masalalaridan biriga aylandi. Bu haqida maqolalar yozilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Har bir muammoning tub mohiyatiga yetib borish va uni hal etish uchun, avvalo, unga xolis yondashmoqlik talab etiladi. Bu nega kerak? Chunki hech kim “Ayb bizdan o‘tibdi, uzr”, demaydi. Shu sabab borini, o‘z holicha o‘rganish, eshitish, hal etish zarurdir. Jumladan, elektr ta'minoti muammosini ham.

Tanganing birinchi tomoni

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Qashqadaryo viloyati, xususan, Shahrisabzdagi elektr ta'minotining yomonlashgani haqida maqola chiqargan edik. U keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ammo masala hamon ochiqligicha turibdi. Bu ishlar, albatta, tezda hal etilmaydi. Xo‘sh, unda qachon? Aniq muddat-sanasi bormi? Shu masalaga yanada chuqurroq “sho‘ng‘ish uchun” Qashqadaryo hokimiyati bilan bog‘landik. Ulug‘bek Avazov degan mutaxassis mavjud imkoniyatni imkoni boricha tushuntirib o‘tishga harakat qildi.

Qashqadaryo viloyatining elektr ta'minotidan qarzi 460 milliard so‘mni tashkil etadi. Viloyatning elektr energiyasi bo‘yicha kunlik sarf-xarajati 3 milliard so‘mdan iborat. Shundan 1,3 milliardi aholi ehtiyojiga sarflanadi. Ammo aholi tomonidan qish mavsumida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshib ketishi sabab, bu qiymat yanada ko‘tariladi. Eng achinarlisi aholining o‘z qarzdorligini yopishni istamaydi. Masalan, qishning sovuq kunlarida xonadonlarni isitish uchun elektr pechkalaridan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Bu esa mavjud elektr ta'minotining belgilangan limitidan oshib ketishiga sabab bo‘ladi. Buning oldini olish maqsadida aholiga 1 tonnasi 126 ming so‘m bo‘lgan ko‘mir sotilmoqda. Ushbu ko‘mirni uzoq muddatga yoqsa bo‘ladi, ammo 126 ming so‘mlik elektr energiyasi bilan hech qancha muddatga uyni isitib bo‘lmaydi. Qolaversa, bu ham nasiya qilinadi”.

“Yana bir gap”, - deydi mutaxassis. “Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq elektr tejovchi lampochkalardan foydalanish zarur. Bu ham iste'molchiga, ham davlatga foydalidir”.

Qashqadaryo viloyati energiya sotish departamenti mutaxassisi Shavkat Xolov bilan bog‘langanimizda, u bizga quyidagilarni gapirib berdi:
“Qashqadaryo viloyatidagi qarzdorlik holati har qaysi tumanda turlicha. Masalan, Shahrisabzga qo‘shni bo‘lgan Kitob tumanida qarzdorlik darajasi past. Shahrisabzda esa bu holat yuqori. Masalan, tuman bo‘yicha bir sutkaga 600 ming kilovatt soat ajratiladi. Aholi esa mana shu limitni uzog‘i bilan 4 soatga yaqin vaqt oralig‘ida tugatib qo‘ymoqda. Natijada bir sutkada shu tumanning o‘ziga 1 million 200 ming kilovatt soat elektr energiyasi sarf bo‘lmoqda. Yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, har bir xonadonga 2 kilovatt soatdan elektr energiyasi ajratilgan, ammo sarflanish ko‘rsatkichi bundan ancha yuqori”.

Xo‘p, gaplar tushunarli bo‘ldi. Oddiy savol o‘rtaga chiqadi: “Agar men umuman qarzdor bo‘lmasam, sarflagan elektr energiyamning pulini o‘z vaqtida to‘lab borayotgan bo‘lsam, menikida chiroq o‘chmaydimi?”.

“O‘chadi! Negaki, bunga yon-atrofdagi qarzdor qo‘shnilar, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanyotgan odamlar sabab, siz ham chiroqsiz qolasiz, deydi mutaxassis. Buning uchun mahalla oqsoqoli, mahalla faollari bilan qarzdor yoki hisoblagich o‘rnatmagan holda elektr energiyasidan foydalanyotgan xonadonlarni aylanib chiqib, ularga tushuntirish ishlari olib borishi kerak”, deb qo‘shimcha qildi u.

Tanganing ikkinchi tomoni

Hissiyotga berilmay, yotig‘i bilan o‘ylasak, mutaxassislar qaysidir tomondan haq. “Menga nima?”, degan gap ketmaydi hozir. Ana shu gap sabab hozir insoniyat boshiga minglab balolar yopirilgan. Mahalla faol bo‘lsa, bir muammo o‘rtaga olib hal etilsa, u yerda yashovchi biror-bir kimsa, noto‘g‘ri qadam tashlashga haddi sig‘maydi.

Qolaversa ichki madaniyat, degan tushunchalar bor. Xali-hamon oramizda shunday odamlar uchrab turibdiki, ularni “dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am”, deguvchilar toifasiga kiritish mumkin. Vatanga dahldorlik tuyg‘usi begona bunday kimsalar, odamlarga yordam berish o‘rniga nafaqat ularga, balki butun bir mahallaga, kerak bo‘lsa, jamiyatga zarar keltirishadi.

Uyimdagi elektr “pryamoy” liniyaga ulangan, deb gerdayib yuruvchi yoki tekshiruvchilarga xushomad qilib, “qistir-qistir” qilib jo‘natib yuboruvchi bunday odamlar, har doim taraqqiyot kushandasi bo‘lib kelishgan.

Hamma gap o‘zimizda. Huquqlarimizni to‘la anglab yetmaganimizda. 25 yildan buyon mustaqilmiz, ammo nimadandir qo‘rqib yashaymiz. O‘z konstitutsion huquqlarini bilish, unga amal qilish va uni talab etishning hech bir qo‘rqinchli jihati yo‘q axir. Gapimiz yakunida Jaloliddin Rumiyning bir gapini yodga olishni lozim topdik: “Aqlli edim dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim, dono bo‘ldim o‘zimni o‘zgartiryapman”.

Keling, hurmatli fuqaro, hammasini o‘zimizni o‘zgartirishdan boshlaylik!

 

Mavzuga oid
Top