11:43 / 15.01.2017
15213

Foto: Server Jyeparov «Istiqlol» bilan shartnoma tuzdi

O‘zbekiston terma jamoasi va «Lokomotiv» klubi yarim himoyachisi Server Jyeparov Eronning «Istiqlol»klubi a'zosiga aylandi

Futbolchi 14 yanvar kuni yangi klubida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan. 

Jyeparov «Istiqlol» klubi bilan 1.5 yillik shartnoma imzolagan. Shartnomaga ko‘ra futbolchi eronliklar klubidagi faoliyati davomida mukofot pullaridan tashqari 500 ming dollar miqdorida maosh oladi.

Eron Pro Ligasi vakili «Istiqlol» 2015/16 yilgi mavsumda chempionatni 3-o‘rinda tugatgan edi. Joriy mavsumda jamoa 16-turdan keyin 25 ochko bilan 16ta jamoa orasida 5-pog‘onani egallab turibdi.

2008 va 2011 yillarda Osiyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Server Jyeparovning so‘nggi klubi Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi bo‘lgandi. U 2016 yilgi mavsumda «temiryo‘lchilar»ning barcha musobaqalardagi 34 o‘yinida maydonga tushib, 8ta gol urib,«Lokomotiv» tarixda ilk bor O‘zbekiston chempioni bo‘lishi hamda mamlakat Kubogi sohibiga aylanishiga hissa qo‘shdi.

Server Jyeparov professional faoliyati davomida quyidagi klublarda to‘p surgan:
«Navbahor» — 2000–2001
«Paxtakor» — 2001–2007
«Bunyodkor» — 2007–2010
«Seul» (Janubiy Koreya) — 2010 (ijara)
«Seul» (Janubiy Koreya) — 2011
«Ash-Shabob» (Saudiya Arabistoni) — 2011–2013
«Seongnam» (Janubiy Koreya) — 2013–2014
«Ulsan Xyondai» (Janubiy Koreya) — 2015
«Lokomotiv» Toshkent — 2016

Ma'lumot uchun, Jyeparov «Seul» klubi bilan Janubiy Koreya (2010) chempionligi va Kubogi (2010), «Ash-Shabob» 2012) bilan Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Toshkentning uch klubi — «Paxtakor» (2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007), «Bunyodkor» (2008, 2009) va «Lokomotiv» (2016) safida O‘zbekiston chempioni bo‘lishga erishgan.

O‘zbekistonlik yarim himoyachi 2008 yilda O‘zbekiston chempionati to‘purari, 2008 va 2010 yillarda O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgandi. 

Mavzuga oid
Top