10:07 / 16.01.2017
5894

Tsoy Sun Sil Janubiy Koreya prezidenti impichmenti bo‘yicha sud ishida guvohlikka chaqirildi

foto: AFP

Janubiy Koreyada avj olgan korrupsiya mojarosining asosiy ayblanuvchisi Tsoy Sun Sil Konstitutsiyaviy sudning 16 yanvardagi majlisida guvoh sifatida qatnashdi. Koreya Konstitutsiyaviy sudi, mamlakat prezidenti Pak Kin Xega nisbatan respublika parlamenti tomonidan qo‘llanilgan impichmentni muhokama qilish bo‘yicha ilk majlisini o‘tkazgan. Eslatib o‘tamiz, Tsoy Sun Sil prezident Pak Kin Xe bilan yaqinligidan shaxsiy g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun foydalanishda gumon qilinmoqda. 

Yonxap agentligiga ko‘ra, Tsoy Sun Sil sudda ko‘rsatma berar ekan, prezidentning Seuldagi "Chxonvade" qarorgohida hech qachon bo‘lmagani va prezident Pak Kin Xe bilan munosabatlaridan hech qachon shaxsiy maqsadlarida foydalanmagani haqida bayonot bergan. Shu bilan birga, u Pak Kin Xedan, prezident uchun liboslar xarid qilish maqsadida pul olganini tasdiqlagan. 

Mamlakat OAV Pak Kin Xe kelishilgan narxda liboslar tiktirish uchun Tsoy Sun Silga pul bergani haqida xabar qilgan edi. 

Koreya respublikasi Konstitutsiyaviy sudi yozgacha parlamentning prezident Pak Kin Xega e'lon qilgan impichmentini tasdiqlashi yoki Pak Kin Xening prezidentlik vakolatlarini tiklashi kerak. 

2016 yil 9 dekabrida unga nisbatan ishonchsizlik votumi – impichment akti qo‘llanilgan edi. Prezident Tsoy Sun Silning davlat ishlariga aralashishiga yo‘l qo‘ygani taxmin qilinadi. U o‘z ma'ruzalarini tahrirlash uchun dugonasi Tsoy Sun Silga yuborgan va kadrlar tayinlashda maslahatlashgan.

Mavzuga oid
Top