12:30 / 16.01.2017
27816

Prezident avtomobilsozlik sanoatidagi kamchiliklarga e'tibor qaratdi

Illyustrativ surat

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

Xususan, davlat rahbari bosh vazir, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi - Eksport salohiyatini va mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksining rahbari Ulug‘bek Rozuqulovga hayfsan berdi. 
 
“Bosh vazir o‘rinbosari U.Rozuqulov rahbarlik qilayotgan Mashinasozlik kompleksida yuzaga kelgan ahvol bizni jiddiy tashvishlantirmoqda.

Eng avvalo, siz rahbarlik qilayotgan avtomobilsozlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi keyingi uch yilda 2,8 barobar kamaygan. Bu nafaqat sanoat mahsuloti o‘sish sur'atiga, balki mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti o‘sishiga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu sohada import hajmi eksportdan bir necha barobar yuqori bo‘lib, mahalliylashtirish darajasi esa importga nisbatan 20 foizdan ham past bo‘lib qolmoqda.

Butun qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimini tubdan qayta qurish ta'minlanmagan. Bu tizim o‘z mohiyatiga ko‘ra nafaqat qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va fermer xo‘jaliklari mehnatini yengillashtirishning mustahkam poydevori, ayni vaqtda mamlakatimiz valyuta balansini to‘ldirish bo‘yicha kafolatlangan manba bo‘lishi kerak edi.

Oxirgi yillarda shaxsan siz kadrlar bilan ishlashni bo‘shashtirib yubordingiz. Sizning taklifingizga ko‘ra «O‘zeltexsanoat» kompaniyasi rahbari etib E.Iminov tayinlangan edi. Biroq uning ish natijalari va butun tarmoqdagi ahvol qanday?

Ko‘pgina investitsiya loyihalarini ishlab chiqish cho‘zib yuborilmoqda. Ichki bozorimizning ko‘plab tovarlarga bo‘lgan ehtiyoji 50 foiz darajasida ham qondirilmayapti. Eksport bo‘yicha topshiriqlar barbod qilingan.

Siz va kompaniya raisi xorijiy investitsiya va zamonaviy uskuna olib kelib, zamonaviy raqobatdosh ishlab chiqarish korxonalari tashkil etganingizni men eslay olmayman ham.

Siz xususiy tadbirkorlarning o‘zi tashabbus ko‘rsatayotganidan qanoatlanib yuribsiz. Tarmoqda esa haligachazarur siljish yo‘q.

Siz tomoningizdan «O‘zstandart» agentligi rahbarligiga tavsiya qilingan A.Qurbonov nomzodi va unga nisbatan talabchanlik ko‘rsatilmagani tufayli sohadaaniq ish va yakuniy natija bo‘lmadi. Xalqaro standartlashtirish tashkilotining 21 ming standartidan atigi 13 foizi mamlakatimizda joriy etilgan, xolos.

Shuning uchun ham sizdan va tarmoq rahbarlaridan bugun quyidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berishingizni talab qilaman:

birinchi – avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, uning mahsulotlari raqobatdoshligini, eng avvalo, yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlar bozorlarida oshirish bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi tizim zarur.

Bu borada men «otvertka bilan mashina yig‘ish» emas, balki asosiy va yordamchi tarmoqlarni barqaror rivojlantirish, ortiqcha xarajatlar va tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va importni qisqartirishni nazarda tutyapman;

ikkinchi – aholi uchun maqbul narxda turli maishiy elektr texnika buyumlarini ishlab chiqarishni ta'minlashimiz kerak;

uchinchi – o‘tgan yili biz «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish bo‘yicha muhim hujjatlar qabul qildik. Savol: ularni muvaffaqiyatli amalga oshirish va bu o‘ta muhim tarmoqning barqaror ish yuritishini ta'minlash bo‘yicha siz tomoningizdan qanday aniq chora-tadbirlar ko‘riladi?

to‘rtinchi – butun standartlashtirish tizimini tubdan qayta qurish kerak. Bundan ko‘zlangan maqsad – mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar zamonaviy xalqaro standartlarga javob berishi lozim”, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
 

Top