11:49 / 16.01.2017
25019

Shavkat Mirziyoyev yo‘l qurilishidagi kamchiliklar haqida gapirdi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va bir qator sohalardagi kamchiliklarga diqqatni qaratdi.

“Bizni yo‘l qurilishidagi ishlar ahvoli ham qoniqtirmaydi. Moliya vazirligi va uning Yo‘l jamg‘armasi aybi bilan mablag‘larning keskin yetishmasligi doim sezilib turibdi. Bitumni barqaror yetkazib berish masalasi hal etilmagan. O‘g‘irliklar tugamayapti. Kadrlar qo‘nimsizligi yuqori

O‘tgan yili «O‘zkommunxizmat» agentligi va «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati rahbariyatini almashtirdik. Biroq bu tashkilotlarning yangi rahbarlari – I.Mahkamov va B.Zaripov zarur darajada tashabbus ko‘rsatmayapti. 

Umid qilamanki, O.Ramatov va boshqa rahbarlar o‘z hisobotida ana shu savollarga aniq javob berishadi. Shu yil boshida joriy qilingan hukumat a'zolarining Prezidentga hisobot berish tartibi doirasida boshqa rahbarlar bilan ham albatta uchrashaman. Bunga barcha rahbar xodimlar va hududlar hokimlari puxta tayyorgarlik ko‘rishini so‘rayman. 

Joylardagi ahvolning jiddiyligi va og‘irligidan kelib chiqqan holda, O.Ramatovni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinladik va unga shu og‘ir uchastkani topshirdik. Shuning uchun Bosh vazirning barcha o‘rinbosarlari, hokimlar, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘z sa'y-harakatini birlashtirib, unga yordamchi bo‘lib faol ko‘mak bermasa, kutilgan natijaga erishish qiyin bo‘ladi. 

Agar joylarda infratuzilma va ijtimoiy obektlarda o‘ta achinarli ahvolga duch kelsangiz, mavjud holati ulardan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan obektlar o‘rniga ana shu yomon ahvoldagi obektlarni kiritish yo‘li bilan, O.Ramatov, sizga tasdiqlangan manzilli dasturlarga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi. Buni barcha rahbarlar bilib olsin”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Top