20:27 / 16.01.2017
20857

Tramp: "NATO eskirgan tashkilot... YeIdan esa boshqa mamlakatlar ham ketishiga ishonchim komil"

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari dushanba kuni AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning NATO va Brexit'ga doir tanbehlaridan norozi. Bu haqida Daily Sabah xabar berdi

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning  Yevropa gazetalaridan birida dushanba kuni chop etilgan intervyusida NATOni "eskirgan" tashkilot, deb atadi. Shuningdek u Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishini to‘g‘ri qaror sifatida baholadi. Bundan tashqari, Tramp Germaniya kansleri Angela Merkelning qochqinlar oqimini mamlakatga kirgazish haqidagi "halokatli" qarorini tanqid qildi. 

"Men ancha oldin NATOning muammolari ko‘pligini aytgandim, - dedi Tramp. - U ko‘p yillar ilgari tashkil etilgani uchun ham eskirgan".

Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer YeI tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida nutq so‘zlab, Trampning NATO haqidagi fikrini adolatsiz deb atadi va  bu ularni "hayratga solgani"ni aytdi. 

Uning fransuz hamkasbi Jan-Mark Ayro "Bunday intervyuga eng yaxshi javob oddiy - bu ham bo‘lsa, yevropaliklar birlashuvi", degan fikrni bildirdi.

Tramp NATOdan tashqari Yevropa Ittifoqi mavzusiga ham o‘z fikrini bayon etdi. 

Ma'lumki, Buyuk Britaniya iyun oyida Yevroittifoq  tarkibidan chiqish uchun ovoz berdi. "Ishonchim komilki, boshqalar ham ketadi...", - dedi Tramp. 

Tramp Brexit oxir-oqibat ijobiy natija berishini taxmin qilib, Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama aloqa o‘rnatishni sabrsizlik bilan kutayotganini ma'lum qildi.  

Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson buni juda yaxshi yangilik sifatida qabul qildi. 

Top