22:07 / 17.01.2017
9732

Kelajakka ishonch va daxldorlik tuyg‘usi

Foto: O‘zA

Yurtdoshlarimizning mutlaq ko‘pchiligi — 97,5 foizi mamlakatimizdagi bugungi ijtimoiy-iqtisodiy holatni “yaxshi va barqaror”, deya hisoblaydi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan “O‘zbekiston: jamoatchilik fikri — 2016” so‘rovida qatnashgan yurtimiz tadbirkorlari, fermerlari, davlat xizmatchilari, ishchilar, keksalar, yoshlar, turli millat hamda din vakillari ana shunday xulosaga kelishdi.

So‘rov mamlakatimizning 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi aholi tomonidan qanday baholanayotganini aniqlash maqsadida o‘tkazildi.

Fuqarolar mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalik, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni farovon kelajakka ishonch bag‘ishlovchi asosiy omillar sifatida keltirib o‘tgan. 2016 yil yakunlari bo‘yicha tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, fuqarolar davlatimiz ­rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

So‘rov natijalari aholining Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilingan 2017 yil qonun ustuvorligi ta'minlanadigan, mamlakatimiz hayotining ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma'rifiy sohalarida ­yuksak natijalarga erishiladigan, tinchlik, xotirjamlik, farovonlik yanada mustahkamlanadigan yil bo‘lishiga qat'iy ishonchini namoyon etdi. Fuqarolarimizda ijtimoiy kayfiyat yuksalib borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish odamlarimiz iqtisodiyot, ishbilarmonlik muhiti holatidan, ­shaxsiy xavf­sizligi, huquq va ­erkinliklari himoyalanganidan qoniqish hosil ­qilayotganini ko‘rsatdi.

Ayni paytda fuqarolar tibbiy xizmat, ta'lim muassasalari faoliyatidan ko‘ngli to‘lmayotganini, ayrim ijtimoiy muammolar, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi bo‘yicha qarashlarini bildirishdi. So‘rovda shu jihat o‘z ifodasini topdiki, yurtimiz aholisi Prezidentimizning qonunchilik tashabbuslarini, shu jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

So‘rovda mahalliy ijro hokimiyati organlari dolzarb ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni hal etish, fuqarolarni o‘z ­faoliyati to‘g‘risida axborot bilan ta'minlash borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgani haqida fikr bildirilgan. Jumladan, mahalliy ijro hokimiyati organlarining ishi qatnashchilarning 38,7 foizini u yoki bu darajada, 42,8 foizini qisman qanoatlantirayotgani, 13,6 foizini esa qanoatlantirmayotgani aniqlandi.

Fuqarolarimizning fikricha, joylardagi amaldorlar faoliyatining natijadorligini oshirish, ularning ishini yanada shaffof qilish uchun “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunni hayotga izchil hamda keng tatbiq etish, xalq bilan muloqotning yangi mexanizm va usullarini joriy qilish ayni muddaodir.

O‘z navbatida, iqtisodiy islohotlarning ijobiy natijalari ham e'tirof etilgan. So‘rovda qatnashganlarning uchdan ikki ­qismidan ko‘pi 2016 yilda ijtimoiy ahvoli yaxshilanganini qayd etgan. Oila byudjyetiga pul tushumlari va moliyaviy jamg‘armalari o‘sish sur'atlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, odamlarimizning tadbirkorlik, fermerlik ­faoliyati, oylik maoshi, pensiya oshishi hisobiga daromadi ko‘paygan. Ayni paytda bank omonatlari, aksiyalar va qimmatli qog‘ozlardan tushum kamaygan. So‘rovda ayon bo‘lishicha, har ikki nafar ­fuqarodan biri mablag‘ jamg‘arib boradi. Ularning aksariyati mablag‘ini uyda saqlaydi. Ushbu pullarni marosim va tantanalar o‘tkazish, zarur buyumlar, ko‘chmas mulk xarid qilish, farzandlarini o‘qitish, shuningdek, tomorqa xo‘jaligini kengaytirish uchun ishlatishni niyat qilishgan.

Tadqiqot natijalari jamg‘armaga ega fuqarolar soni hududlar kesimida hamda shahar va qishloq aholisi o‘rtasida qariyb tengligini ko‘rsatdi. Erkaklar ayollardan ko‘ra ziyodroq mablag‘ yig‘ib boradi, odamlarimiz yoshi ulg‘aygani sari ko‘proq mablag‘ jamg‘arishga intilishadi. O‘rta va katta yoshdagi odamlar yoshlarga nisbatan ko‘proq pul yig‘ishga intilishadi. So‘rovda qatnashganlar o‘z iqtisodiy ahvolini yaxshi va o‘rta, deb baholashgan. Topish-tutishi o‘rtadan kam va yomon bo‘lganlar soni juda ­ozchilikni tashkil qiladi.

So‘rovda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2016 yil 24 sentabrda tashkil etilgan Virtual qabulxonasi inson manfaatlarini har tomonlama ta'minlashda samara berayotgani alohida qayd etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ Virtual qabulxonasiga aylantirilgan mazkur portal davlatning xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishi uchun keng ­imkoniyat yaratmoqda. Fuqarolar davlatimiz rahbarining Xalq qabulxonalarini tashkil etishga doir tashabbusini keng qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu sa'y-harakatlar, fuqarolarning fikricha, inson manfaatlarini ta'minlash, yurtdoshlarimizning orzu va intilishlarini, hayotiy muammo hamda ehtiyojlarini bilishga qaratilgandir.

Jamoatchilik fikri monitoringi o‘z hayotidan rozi bo‘lgan fuqarolar soni o‘sayotganini namoyon etdi. Odamlarimizning ijtimoiy kayfiyatiga ularning huquqiy himoyalangani ham ijobiy ta'sir ko‘rsatayapti. Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 93,8 foizi aholi o‘z huquq va erkinliklari buzilishi mumkinligidan huquqiy himoyalangan, deb hisoblaydi. Fuqarolarning 71,8 foizi mabodo qonuniy huquqlari buziladigan bo‘lsa, ularning tiklanishiga ishonadi.

Fuqarolarning yuqori darajadagi ijtimoiy kayfiyati o‘z oilasidagi ijtimoiy-iqtisodiy holatdan, mavjud sharoitlar, huquqiy himoyalanganidan mamnun ekani, qolaversa, oilasi va mamlakatimiz kelajagiga ishonishidan dalolat beradi. Fuqarolarimiz inson manfaatlari mamlakatda hukm surayotgan tinch­lik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, hamjihatlik muhitida ta'minlanishi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi, deb bilishadi va davlatimiz rahbarining islohotlar strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini
o‘rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

Top