17:29 / 18.01.2017
55016

Davlat mulkini xususiylashtirish soddalashtirildi

O‘zbekistonda davlat mulkini xususiylashtirish jarayoni yengillashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi sayti xabariga ko‘ra, 17 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni yanada rivojlantirish, davlat mulki obektlarini sotishni soddalashtirish va tezlatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Mazkur Farmon Xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularga tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun davlat mulki obektlarini sotishni soddalashtirish va tezlatish hamda strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan davlat mulklarini xususiylashtirishda byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish, xususiy mulkka sotilgan obektlar negizida raqobatbardosh mahsulotlarni (xizmatlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, farmonda strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan korxonalarni va ularning ustav fondidagi davlat ulushlarini, davlat ko‘chmas mulk obektlarini xususiylashtirish, shu jumladan, “nol” xarid qiymatida investitsiya kiritish sharti bilan berish o‘rnatilgan talablarga muvofiqligidan kelib chiqib xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish huquqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, davlat mulkini ijaraga olgan va obektni kapital ta'mirlagan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosiy vositalarni modernizatsiya qilgan, yangi ish o‘rinlari yaratgan ijarachilarga obektni xususiylashtirish davrida unga birinchi navbatda xususiylashtirib olishga ustunlik huquqi beriladi.

Taklif yagona ishtirokchidan tushgan holatlarda davlat mulki obektlarini olish-sotish shartnomalarini tuzishga ruxsat berildi. Xususiylashtirilayotgan obekt bo‘yicha sotib olish to‘lovlarini to‘lash uchun 3 yillik muddat nazarda tutilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi da'vogar-rezidentlaridan tanlov savdolarida qatnashish uchun biznes reja va buyurtmanomadan tashqari boshqa birorta hujjatlar talab qilish, hamda xususiylashtirish natijalarini bekor qilish yoki qaytadan ko‘rib chiqishni talab qilish taqiqlanadi.

Farmonda shuningdek, davlat mulkini birjada aksiyalarni birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) sotuvga chiqarish yo‘li bilan xususiylashtirishga ham ruxsat berilgan.

Top