11:32 / 18.01.2017
9749

Germaniya AQShga "yaxshiroq avtomobillar" ishlab chiqarishni maslahat berdi

Germaniya hukumati AQShga "yaxshiroq avtomobillar" ishlab chiqarishni maslahat berdi. Buni Germaniya vitse-kansleri va iqtisodiyot vaziri Zigmar Gabriel Bild nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Bu AQShning yangi prezidenti Donald Trampning nemis avtomobillarining AQShga importiga 35 foizlik soliq kiritilishi mumkinligi haqidagi so‘zlariga javoban aytilgan.

Tramp avtomobilsozlarga yo‘llagan tvitlaridan birida "Agar avtomobilsozlik kompaniyalari va boshqalar bizning mamlakatda biznes yuritmoqchi bo‘lsa, ishlab chiqarishni shu yerda boshlashlari kerak", deb aytgan. 

Tramp Bild va The Guardian nashrlariga bergan intervyusida nemis avtomobilsozlarini AQShga eksport qiladigan avtomobillarni qo‘shni Meksikada ishlab chiqarishlari uchun tanqid qilgandi. Jumladan, u Meksikada BMW zavodi qurilganini ta'kidlab o‘tgan va bu markadagi mashinalarning AQShga olib kirilishiga 35 foiz soliq o‘rnatmoqchi ekanligini aytgan.

Bunga javoban nemis kompaniyasi vakillari AQSh hududida kompaniyaning eng yirik zavodi joylashganini, Meksikadagi zavod esa nafaqat AQSh, balki boshqa davlatlar uchun ham avtomobillar ishlab chiqarishini aytganlar.

Tramp shuningdek AQShda nemis avtomobillariga va Germaniyada amerika avtomobillariga talab bilan bog‘liq vaziyatni adolatsiz deb atagan.Uning aytishicha, Nyu-York ko‘chalarida ko‘plab "Mersedeslar"ni uchratish mumkin, bu orada Germaniya ko‘chalarida amerika avtomobillari juda kam uchraydi.

Gabrielning fikricha, amerikaliklarning o‘z avtomobillariga talablari yuqori bo‘lishi Germaniyada AQSh avtomobillari bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishiga turtki bo‘lishi mumkin.   

Mavzuga oid
Top