12:30 / 18.01.2017
14112

O‘zbekiston inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlar tamoyillariga sodiqligini namoyon etmoqda

Moskva shahrida “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 50 yilligi” mavzuiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiya ham qatnashdi.

Anjumanda BMT ekspertlari, xalqaro tashkilotlar, Rossiya va boshqa davlatlarning tegishli vazirliklari hamda idoralari vakillari, huquqshunos olimlar ma'ruza qildi. 

Ma'lumki, 2016 yilda xalqaro jamoatchilik Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 50 yilligini keng nishonladi. Zero, mazkur hujjatlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha universal tizimlarning kontseptual asosi hisoblanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va ikkita xalqaro pakt davlatlar hamda dunyo xalqlari o‘rtasidagi umumiy manfaatlar va qadriyatlarga asoslangan kelishuv samarasidir. Ushbu huquqiy hujjatlarni hayotga tatbiq etishda BMT a'zolari sanalgan jahondagi aksariyat mamlakatlar faol ishtirok etayotgani bu boradagi muvaffaqiyatni ta'minlamoqda. Deklaratsiya va paktlardagi qoidalar ko‘plab davlatlar konstitutsiyalari va qonunlarida ham belgilab qo‘yilgani bunga bir misoldir. Ana shu hujjatlarda o‘z ifodasini topgan huquqlar va erkinliklar xalqaro jamoatchilik tomonidan mukammal, pishiq-puxta, bir-biriga chambarchas bog‘langan, deb tan olingan. Shuning uchun mazkur huquq va erkinliklar davlat, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda muhofaza qilinadigan asosiy tamoyillarga aylandi. 

Konferentsiyada O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro jamoatchilik e'tiboriga  yurtimizda yuqorida nomlari zikr etilgan xalqaro paktlar qoidalari ijrosini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, respublikamiz taraqqiyoti istiqbollariga oid axborotni havola etdi. Ishtirokchilarda, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasiga doir ma'lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar 1995 yilda parlament tomonidan bir ovozdan ratifikatsiya qilindi. Bugungi kunda xalqaro huquqning to‘laqonli sub'yekti hisoblangan mamlakatimizda yuqoridagi hujjatlarda o‘z aksini topgan xalqaro majburiyatlar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi va shartnomaviy organlari, Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari hamda boshqa huquqni himoya qilish mexanizmlari bilan o‘zaro hamkorlikda izchil ro‘yobga chiqarilayapti.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarda ko‘rsatib o‘tilgan deyarli barcha tegishli huquqlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlandi, istiqlol yillarida qabul qilingan 400 dan ziyod qonunlarda o‘z ifodasini topdi. 

Shular qatorida O‘zbekiston 1997 yilda Rivojlanishga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi deklaratsiyani ratifikatsiya qildi. Yurtimiz mazkur hujjatning 30 yilligini nishonlash tadbirlarida faol qatnashdi. O‘z navbatida, mamlakatimiz BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini ham qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Binobarin, unda barqaror taraqqiyotning asosiy uchta tarkibiy qismi — iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar muvozanatini ta'minlaydigan 17 ta maqsad va 169 ta vazifa ko‘rsatib o‘tilgan. Ularga erishish va 2030 yilgacha bo‘lgan davrgacha barqaror taraqqiyot sohasidagi kun tartibini amalga oshirishda aynan inson huquqlari bo‘yicha Xalqaro paktlar muhim poydevordir. 

O‘tgan yillarda O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sish borasida muayyan ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritdi. Yurtimizda ta'lim va sog‘liqni saqlash, gender tengligini ta'minlash kabi ijtimoiy jabhalardagi dasturlar bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, istiqlol yillarida respublikamizda ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar hajmi 5 barobar ko‘paytirildi. Har yili Davlat byudjyetining qariyb 60 foizi sog‘liqni saqlash, ta'lim, kommunal xo‘jalik, aholini ijtimoiy himoya qilish sohalaridagi vazifalar ijrosiga yo‘naltirilayotir. Inson taraqqiyoti masalalariga ham ustuvor ahamiyat qaratilayapti. Mustaqillik yillarida onalar o‘limi 3,2 barobardan ziyod, bolalar o‘limi 3,4 barobar, ya'ni sezilarli darajada kamaygani, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 66 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 76 yoshga uzaygani buning yaqqol tasdig‘idir. 

Mamlakatimiz Inson huquqlari sohasida Butunjahon ta'lim dasturi, BMTning inson huquqlari sohasidagi ta'lim va tayyorlov deklaratsiyasi qoidalarini hayotga tatbiq etishda faol qatnashmoqda. BMTTD, YuNIFeM, YuNFPA, YUNISEF, YuNeSKO, XMT, YeXHT va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda inson huquqlariga oid 120 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashrdan chiqarildi. 

Ayni paytda O‘zbekistonda Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturining yangi tahririni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar olib borilayapti. Unda fuqarolarda qonunga hurmat tuyg‘usini yanada mustahkamlash, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatini oshirish kabi masalalarga alohida o‘rin berilgan. Shunga yarasha Huquqiy targ‘ibot va ma'rifat sohasida davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash samarali faoliyat yuritmoqda. 

O‘zbekiston mustaqil rivojlanishning o‘tgan 25 yilida xalqaro shartnomaviy organlarga 35 dan ziyod milliy ma'ruzalarni o‘z vaqtida taqdim etdi. Davlat va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishni muhim deb biladigan BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan mazkur hujjatlar sifatiga yuqori baho berilib, alohida e'tirof etildi.   
Konferentsiya davomida xalqaro ekspertlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida 2016 yil oktabr oyida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganiga ijobiy baho berdilar. Unda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakat dasturini ro‘yobga chiqarish yo‘nalishidagi hamkorlikning aniq tadbirlari nazarda tutilgan. 

Milliy qonunchilikka inson huquqlari va erkinliklariga doir xalqaro standartlarni implementatsiya qilish, shartnomaviy organlarning milliy ma'ruzalarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha xulosalari hamda tavsiyalari, inson huquqlarining muhim mezonlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan milliy harakatlar dasturini tayyorlash yuzasidan O‘zbekiston amaliyoti ham yuqori baholandi.
Tadbir qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2017 yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinganini e'tirof etishdi. Ayniqsa, Bosh vazirning Virtual qabulxonasi ham katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Ushbu mexanizm aholi bilan doimiy va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskva davlat xalqaro aloqalar institutining Yevropa huquqi kafedrasi mudiri M. Entinning fikricha, bu an'anaviy yozma murojaatlar va ijro hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy qabullari qatorida hokimiyat bilan aholi o‘rtasidagi muloqotning yangicha ko‘rinishi sanaladi. U odamlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob olish, takliflar va tashabbuslar bilan chiqish, fikrini ochiq aytish imkonini beradi.

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tajribasi ekspertlarning alohida bahosiga sazovor bo‘ldi. Qiynoqlar va g‘ayriinsoniy yoki kamsitib muomala qilish yoki jazolashning oldini olish bo‘yicha Yevropa qo‘mitasi a'zosi O. Noyanova qayd etib o‘tganidek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimini yaratdi. Pirovardida umume'tirof etilgan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro tamoyillar hamda qoidalarni ro‘yobga chiqarish, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini muhofaza qilish, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy dasturlarni bajarish borasida tom ma'noda katta ishlar qilindi.

O. Kutafin nomidagi Moskva davlat yuridik universitetining xalqaro huquq kafedrasi mudiri K. Bekyashev insonning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda muhofaza qilish bo‘yicha navbatdagi odimlarni muhokama etar ekan, jumladan, shunday dedi: “O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining  2011 yil 16 iyundagi rezolyutsiyasi qoidalarini birinchilardan bo‘lib muhokama qildi. Quvonarlisi, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ombudsman to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish borasida faol ishlar olib borilayotir. O‘zbekistonda ushbu institutning tuzilishi ishbilarmonlar huquqlarini muhofaza qilishning samarali mexanizmini yanada shakllantirishda yangi bosqichni boshlab beradi”. 

Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari, shuningdek, O‘zbekistonda sud-huquq tizimini liberallashtirish va demokratlashtirish, xususan, davlat rahbari tomonidan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi mamlakat siyosati mazkur yo‘nalishda sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilayotganidan darak beradi. Inson huquqlari bo‘yicha BMT Bosh komissari boshqarmasining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri X. Tsedevaning so‘zlariga qaraganda, mazkur sa'y-harakatlar sudlarning haqiqiy mustaqilligi va erkinligini ta'minlashga yo‘naltirilgandir. 

Konferentsiyada O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari mamlakat BMT Bosh Assambleyasining 2014 yil 9 apreldagi Inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlar tizimlari faoliyat yuritishi samaradorligini mustahkamlash va oshirish rezolyutsiyasini to‘liq ma'qullashini bildirdi. Aytib o‘tilganidek, butun dunyoda globallashuv sharoitida xavfsizlik, barqaror iqtisodiy taraqqiyot va inson huquqlari himoyasini ta'minlash bo‘yicha milliy modellarni jadal izlash tendensiyalari ro‘y bermoqda. Har bir davlat tarixiy, milliy va boshqa o‘ziga xosliklaridan kelib chiqib o‘z yo‘lini tanlayotir. O‘zbekiston xalqaro tinchlikni saqlash va qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik va xavfsizlik, qolaversa, umumiy taraqqiyotga ko‘maklashish, inson huquqlari hamda xalqaro huquq ustuvorligini ta'minlashda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rolini alohida e'tirof etadi.

Anjuman ochiq fikr va amaliy tajriba almashish muhitida o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlar va boshqa xalqaro shartnomalarda belgilab qo‘yilgan huquqlarni amalga oshirish murakkab hamda uzluksiz jarayon ekani, uning doirasida davlat turli madaniy va diniy asoslari bilan global miqyosda hamkorlik qilish ilgari surilganini yana bir bor namoyon etdi. Konferentsiyada siyosatda va turli mintaqaviy tashkilotlar faoliyatida inson huquqlarining umumiy qoidalarini anglash darajasi oshib borayotgani ta'kidlandi. 

Qayd etilganidek, madaniy va diniy o‘ziga xosliklarni inobatga olgan holda, inson huquqlari sohasidagi xabardorlik darajasini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Bunda davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi doimiy muloqot, milliy qadriyatlar hamda rivojlanishning turli yo‘llarini hurmat qilish muhimdir. Tadbir qatnashchilarining umumiy fikriga ko‘ra, bunday yondashuv sayyoramizdagi milliy rang-baranglikni saqlash, turli qarama-qarshiliklarning oldini olish, inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasida mintaqaviy mexanizmlarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Arab davlatlari ligasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi mavjud mexanizmlarni rivojlantirish yo‘lidagi oldinga qo‘yilgan muhim qadamga aylanadi. BMT sammitida qabul qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlari esa dunyoda izchil rivojlanishga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan harakatlarning kompleks rejasiga aylanishi lozim.

Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Mavzuga oid
Top